Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi 152-maktab o‘qituvchisi darsda telefon o‘ynab o‘tirgan o‘quvchini urib, darsdan chiqarib yuborgani aks etgan video tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘qituvchi videodan bolaning haqoratli so‘zlari kesib tashlangani va bu qasddan uyushtirilganini aytib chiqdi.
«Gazeta.uz» pedagogga mikrofon tutib, tanganing ikkinchi tomoniga ham nazar tashlashga harakat qildi. O‘qituvchi Gulchehra Mamajonova «Milliy» telekanalining bir tomonlama reportajiga raddiya berish niyatidaligi, bolani urgani uchun 900 ming so‘m jarimaga tortilgani, bu yetmagandek, maktab direktori uni 100-modda bilan ishdan bo‘shatishga uringanini ma’lum qildi.
Voqea aslida qanday bo‘lgandi?
Biologiya fani o‘qituvchisi Gulchehra Mamajonovaning so‘zlariga ko‘ra, holat 2 mart kuni «8-A» sinfda kuzatilgan.
«O‘sha kuni sinfxonaga kirganimda, o‘quvchilarning dars boshlanishiga e’tiborini tortish biroz qiyin kechdi. Odatda beshinchi soatdagi darslar shunaqa boshlanadi. Chunki to‘rtinchi soatdan so‘ng katta tanaffus bo‘lgani uchun o‘quvchilar darsga tez kirishib ketmaydi. Ularning jim bo‘lishini kutib turdim, ammo bolalar gaplashishdan to‘xtamadi. Shundan keyin hammasiga salom berdim, ikki nafar o‘quvchidan tashqari barchasi o‘rnidan turib, salom berishdi. Dars boshlangach, kim bor, kim yo‘qligini yo‘qlama qildim. Qarasam, oxirida o‘tirgan ikki o‘g‘il bola o‘quvchi tinmay gaplashayotgan ekan. Jim o‘tirishlarini aytib, ogohlantirdim», — dedi pedagog.
Uning qayd etishicha, u doskaga mavzuni yozib, jurnaldan kimning bahosi yo‘qligini ko‘zdan kechirganidan keyin ham aynan o‘sha ikki o‘quvchi gaplashishdan to‘xtamagan.
«Ularga „jim o‘tirasanmi?“, degan mazmunda qattiqroq tanbeh berdim. Oldilariga borsam, bittasini qo‘lida uyali aloqa vositasi borakan va rasmga olib o‘tirgan ekan. Qo‘lidan telefonini olib qo‘yib, darsdan keyin stolimni ustidan ovolishini aytdim. Bola esa bundan norozi bo‘ldi va nima uchun olib qo‘yganimni so‘rab, yomon gaplar aytdi. Men ozgina xafa bo‘ldim. To‘g‘risi, o‘shanda emotsiyaga berilib ketdim-da, „bu nima deganing?“, deya bolani yelkasidan ushlab, siltadim. U battar so‘kinishni boshladi», — dedi Gulchehra Mamajonova.
Pedagogning aytishicha, u vaziyat jiddiylashib ketishining oldini olish uchun boshqa bir o‘quvchiga sinf rahbarini chaqirib kelishini aytgan. Bu gapni eshitgan bola ham tashqariga chiqib ketishga uringan.
«Joyingga o‘tir, hozir sinf rahbaring kelsa, hal qilamiz, ketish kerak bo‘lsa, ketasan», deb yelkasidan ushlab o‘tqazdim. Shunday deyishimga qaramay, o‘quvchi o‘rnidan turdi-da, yana yomon so‘zlar aytib, xonadan chiqib ketmoqchi bo‘ldi. Shundan keyin chiqib ketsang, chiqib keta qol, degan fikrda orqasidan itarib, chiqarib yubordim. Buni tan olaman va o‘sha vaqtda emotsiyaga berilib ketdim. Bo‘lgan voqea shu", — dedi o‘qituvchi.
«Millar» ko‘rsatuvi reportajidan lavha.
Uning ta’kidlashicha, sinf rahbari xonaga kirgach, holat muhokama qilingan, o‘quvchining sumkasidan daftar ham, kitob ham chiqmagan. Keyin sinf o‘qituvchisi bolani xonadan o‘zi bilan birga olib chiqib ketgan.
«Biz esa dars o‘tishda davom etdik. Dars tugaganidan so‘ng bola oldimga keldi. Birga suhbatlashib o‘tirdik, ayblarimizni tan olib, bir-birimizdan uzr so‘radik. U o‘quvchini tarbiyasiz, deb aytolmayman. Chunki bu sinfga ko‘p yildan beri dars o‘taman. Bola gapga quloq soladigan edi. Negadir o‘sha kuni shunday holat bo‘ldi. Uni tushunishim kerak edi, pedagog sifatida noto‘g‘ri qilganman», — dedi Gulchehra Mamajonova.
«Video baribir tarmoqlarga chiqib ketadi»
O‘qituvchi holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga qachon tarqalib ketgani haqida ham gapirdi.
«Voqeadan keyin meni direktor xonasiga chaqirishdi. Shunaqa holat bo‘libdi, bu kameraga tushib qoldi, deyishdi. [Direktor] ijtimoiy tarmoqqa baribir chiqib ketadi, dedi. Uni onasini bilmaysan, shantaj, unday edi, bunday edi, dedi. Onasini oldiga borib, kechirim so‘rashimni aytdim. Ammo direktor ham, sinf rahbari ham ona bilan bog‘lanishim uchun telefon raqamlar berishni xohlashmadi. Ertasiga maktabga kelsam, video ijtimoiy tarmoqlarga, xususan, Tik-tok`ga chiqib ketgani, turli izohlar bo‘lganini eshitdim. Bundan albatta, tushkunlikka tushdim, o‘zimdan ham xafa bo‘ldim», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalla inspektori pedagogning ustidan ona tomonadin davo arizasi kiritilganini aytgan.
«Keyin onani menga topib berishdi, ko‘rishib gaplashdik. Bolaning onasini aytishicha, u voqeadan bexabar bo‘lgan. Uni maktabga chaqirib, videoni ko‘rsatishgan. Ona farzandida ham xato borligi, nazoratsiz qoldirganini ta’kidlagan. „O‘qituvchi mendan kechirim so‘rasin“, degan. Lekin maktab direktori unda o‘zim ariza yozaman, degan fikrlarni aytgan ekan», — dedi Gulchehra Mamajonova.
Jarimaga tortilgan o‘qituvchi «Millar»ga raddiya bermoqchi
Toshkent shahar sudi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida holat bo‘yicha videokonferens aloqa tizimida ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Sudda o‘qituvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida belgilangan jinoyat — mayda bezorilik qilgan deb topildi. Sud qaroriga ko‘ra, o‘qituvchi ayol BHMning 3 baravari miqdorida, ya’ni 900 ming so‘m jarimaga tortildi.
Pedagog Gulchehra Mamajonova sud jarayoni bilan bog‘liq savolimizga quyidagicha javob berdi.
«9 mart kuni ma’muriy sud bo‘ldi. Menga BHMning 3 baravari miqdorida jarima belgilandi. Sudda ona ham qatnashib, ayol sifatida meni to‘g‘ri tushunishini, imkon qadar jazo tayinlanmasligini so‘radi. Chunki bir kun oldin ko‘rishib gaplashgandik. Ko‘rishganimizda bir-birimizda yaxshi taassurot qoldirdik. Oldin biz haqimizda boshqa ma’lumotlar, ta’riflar berishgan ekan», — dedi u.
O‘qituvchi «Milliy» telekanalining «Millar» dasturida tayyorlangan bir tomonlama reportajga raddiya berish niyati borligini aytdi.
«Sud bo‘lgan kuni „Millar“ dasturidan kelib ketishgan ekan. Ular kameraga yozib olingan bor narsalarni qo‘yishmagan. Faqatgina pravakatsion axborot berib, videodan kesib olishgan. Ularning lavhasida bolaning telefonini olib qo‘yganim, uni so‘kingan joylari yo‘q. Men bunga juda ham qarshiman. „Millar“ ko‘rsatuviga raddiya bilan chiqmoqchiman. Jurnalistik tekshiruv degandan keyin jurnalistni o‘zi kelib, tekshiruvini olib chiqishi kerak, deb o‘ylayman», — dedi Gulchehra Mamajonova.
«Direktorni shaxsiy adovati bor edi»
Uning qayd etishicha, u bosimlar tufayli ishdan bo‘shashga majbur bo‘lgan. 10 mart kuni ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan.
«Mendan ariza yozishimni talab qilishdi. O‘z xohishimga ko‘ra ariza yozmasam, keyin qonunchilikdagi modda bo‘yicha bo‘shatishlarini aytishdi. Ishdan bo‘shatilishim uchun qandaydir asos bo‘lishi kerakligini aytdim. Maktab ta’limi tizimida oldin hayfsan beriladi, keyin ogohlantirish va ish haqidan 30 foiz olish choralari ko‘riladi. So‘ngra 100-modda bilan ishdan bo‘shatish jazosi mavjud. Direktorni menga nisbatan shaxsiy adovati bor edi. Ariza yozishimni so‘rab, uyimgacha xodimlar bordi. 10 mart kuni ular xohlaganidek ariza yozib berdim. Bosimlar bilan yashash qiyin bo‘ldi. Aslida nima bo‘lganini odamlar mendan ham eshitsin, degan fikrda ijtimoiy tarmoqlarga holat haqida yozib qoldirdim. Tanganing ikkita tomonini eshitib, xulosa chiqarish kerak», — dedi u.
Biz kaltak yegan o‘quvchi va uning onasidan holat bo‘yicha izoh olishga harakat qildik. Ammo ular bilan bog‘lana olmadik. Shundan so‘ng voqea yuzasidan maktab direktorining munosabatini olish maqsadida unga mikrofon tutmoqchi bo‘ldik. Lekin direktor hozir bu bo‘yicha intervyu bera olmasligini aytdi.
O‘qituvchi ishga qayta tiklandi
Gulchehra Mamajonovaning aytishicha, jamoatchilik va mas’ul tashkilotlar tufayli u ishga qayta tiklandi. Keyingi haftadan mazkur maktabda faoliyatini davom ettiradi.
«Dushanbadan ishga qaytadigan bo‘ldim. Ishdan bo‘shashim hech qanday asosga ega emas ekan. Sud qarori asosida jarimani to‘lasam, bo‘ldi ekan. Buning uchun jamoatchilikka rahmat aytmoqchiman, bundan juda ham xursandman», — dedi u.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, vazir Hilola Umarovaning ko‘rsatmasiga asosan, maktabdagi holatni o‘rganish bo‘yicha vazirlik Ishchi guruhi tuzildi. Qayd etilishicha, Ishchi guruhning o‘rganish natijalari jamoatchilikka ma’lum qilinadi.
Mirolim Isajonov, «Gazeta.uz» muxbiri.
Tasvirchi va montajchi Ma’murjon Obrahmatov.