Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga tashrif buyurdi. U «O‘zbekiston qaysi tomonda?» savoliga javob berdi

Shavkat Mirziyoyev «katta davlatlar» O‘zbekistondan qaror qabul qilib, taraf tanlashni so‘rayotgani haqida gapirdi. Gap Rossiyaning Ukrainaga qarshi mojarosi haqida ketmoqda. «Bir tomonman. Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman», — dedi prezident.

Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi

2022 yil dekabrdan beri Surxondaryo viloyatini vaqtincha boshqarib kelayotgan Ulug‘bek Qosimov viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Surxondaryoga ijtimoiy masalalar uchun davlat dasturidan tashqari qo‘shimcha 465 mlrd so‘m ajratiladi

Prezident Surxondaryoga o‘tgan yig‘ilishda viloyatga ijtimoiy muammolarni hal qilishga davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trln so‘mga qo‘shimcha ravishda 465 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qilindi. Shuningdek, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha 328 mln dollar jalb qilinadi.

E-aktiv`da ma’lumotni aks ettirish 2024 yilgacha ixtiyoriy bo‘ladi — Soliq qo‘mitasi

1 martdan E-aktiv tizimida soliq hisobi bilan bog‘liq operatsiyalarni aks ettirish majburiy bo‘lishi kerak edi. Biroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi ixtiyoriy buyruqning amal qilish muddatini 2024 yil 1 yanvargacha uzaytirish bo‘yicha hukumatga taklif kiritdi.

Samarqandda madaniy meros obyektiga jiddiy zarar yetkazgan tadbirkor qamalgani ma’lum qilindi

Samarqand shahridagi xususiy mulkda bo‘lgan moddiy madaniy meros obyektiga zarar yetkazilgani haqida xabar tarqaldi. Madaniy meros agentligi aybdor tadbirkor ozodlikdan mahrum etilganini ma’lum qildi.

Toshkentdagi maktabda trenddagi qo‘shiqqa video olgan direktor va o‘rinbosarlar ogohlantirildi

Yakkasaroydagi 91-maktabda direktor va uning o‘rinbosarlari mashhur «Za dengi da» qo‘shig‘iga qalbaki dollar sochgan holda olgan hazilomuz videosi tarqaldi. Tuman hokimligi pedagoglar jiddiy ogohlantirilganini ma’lum qildi. O‘qituvchilardan birini esa ishdan bo‘shatishmoqchi ekani aytilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» sobiq rahbari Mehriddin Abdullayev Hisob palatasiga qaytdi

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasining sobiq rahbari Mehriddin Abdullayev O‘zbekiston Hisob palatasi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. U 2017−2020 yillarda mazkur tashkilotda birinchi o‘rinbosar lavozimida ishlagan.

Toshkentda Rossiya fuqarosi o‘zini 7-qavatdan tashlab yubordi

Toshkent markazida bir kishi turar-joy binosining 7-qavatidagi derazadan o‘zini tashlab halok bo‘ldi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi uning Rossiya fuqarosi ekanligini ma’lum qildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yish O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq deb topildi

Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yishni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topdi. Qonun loyihasida referendum predmeti bo‘lmaydigan masalalar aniqlanmagan.

O‘zbekistonda yoshlar faol nuroniylarga biriktiriladi

«Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyiliga muvofiq yoshlar har bir mahalladagi faol nuroniylarga biriktiriladi. Shuningdek, faol keksalar muammoli oilalar bilan shug‘ullanadi. Ishida ijobiy natija ko‘rsatgan nuroniylar rag‘batlantiriladi.

Hafta davomida quruq ob-havo kuzatiladi

Hafta davomida asosan kam bulutli, quruq ob-havo kuzatiladi. Harorat +22…+28 daraja bo‘ladi. Haftaning ikkinchi yarmida Qozog‘iston bo‘ylab o‘tayotgan antitsiklon kunduzgi havo haroratini biroz pasaytiradi. 13−15 martda esa tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi bor.

O‘zbekistonda yosh oilalar daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflaydi — PMTI

PMTI o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, yosh oilalar daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflayotganini ma’lum qilgan. O‘zbekistonda insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tez o‘sishi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30−50 yosh oralig‘ida saqlanib turishi va 60 yoshdan so‘ng keskin pasayishi aniqlangan.

O‘zbekistonda amaldorlarning xizmat safarlari va tadbirlarda sovg‘a olishi taqiqlandi

Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg‘a olish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, amaldorlar O‘zbekistondagi xizmat safarlari va tadbirlarda sovg‘a olishi mumkin emas. Xorijda olingan sovg‘a qiymati 1,2 mln so‘mdan ko‘p bo‘lsa, u davlat organi balansiga kirim qilinadi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Gender zo‘ravonlik o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi — hozir harakat qilishning ayni payti» — Matilda Dimovska

Jamiyatning har qanday qismiga nisbatan istalgan ko‘rinishdagi zo‘ravonlik uning har bir vakiliga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, deya ta’kidlaydi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. «Gazeta.uz» uchun maqolasida u gender zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilashga chaqiradi.

«Direktor ishdan bo‘shashga majburladi». O‘quvchini kaltaklagan pedagog haqiqatlari

Toshkentdagi 152-maktab o‘qituvchisi o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video muhokamalarga sabab bo‘ldi. «Gazeta.uz» pedagog Gulchehra Mamajonovaga mikrofon tutdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, direktorning unga nisbatan shaxsiy adovati bo‘lgan va ishdan bo‘shatishga uringan. Direktor esa intervyu berishdan bosh tortdi.

«Bola o‘zini o‘qita oladi, uning yo‘lini faqat siz va cheklovlaringiz to‘sadi». Dunyo bolalari muallimi Mariya Montessori haqida

Mariya xonimni jamiyat va pedagogikadagi stereotiplarni parchalagan ayol deb bilishadi. Uning maktabi alohida mavzu. Gabriel Markes, Bill Geyts, Jeff Bezos kabi mashhurlar ham shunday dargoh ta’limini olganlardan. Italiyadagi ilk diplomli shifokor ayolning hayoti o‘zi yozganidek — «o‘ta sokin, ammo shiddatli».