Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi — 2022 natijalarini e’lon qildi.
Ushbu ro‘yxatdan 86 ta davlat organi va tashkiloti o‘rin olgan bo‘lib, indeks vazirliklar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, qo‘mita, agentlik va boshqa tashkilotlar hamda aksiyadorlik jamiyatlari va banklar kesimida ham tuzib chiqilgan.
Ochiqlik indeksida birinchi o‘ntalikni prezident huzuridagi Statistika agentligi (88,8 ball), Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi (88,3), Toshkent viloyati hokimligi (83,3), Xorazm viloyati hokimligi (78,7), Navoiy kon-metallurgiya kombinati (76,2), Raqamli texnologiyalar vazirligi (75,5), Madaniyat va turizm vazirligi (74,9), Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (74,8), Adliya vazirligi (74,6) hamda Transport vazirligi (73,7) egalladi.
Andijon viloyati hokimligi 43,6 ball bilan 76-o‘rinni, Mudofaa vazirligi — 77 (41,3 ball), «O‘zmaxsusmontajqurilish» — 78 (39,1), Uzbekistan Airports — 79 (37,4), Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati — 80 (34,6), Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi — 81 (33,5), «Poytaxtbank» — 82 (28,3), «Aloqabank» — 83 (22), «Qishloqqurilishinvest» — 84 (21,7), «Yo‘lqurilish» — 85 (21) hamda O‘zbekiston milliy teleradiokopaniyasi — 86- (21) o‘rinni band etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 14 iyundagi farmoni bilan mamlakatda Ochiqlik indeksi joriy etilgan edi. Hujjatga ko‘ra, 8 ta indekator bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan tashkilotlar rag‘batlantirilishi, salbiy ko‘rsatkich qayd etganlar esa javobgarlikka tortilishi kerak.
Bundan tashqari, prezident 3 avgust kuni qonunchilikka ochiq ma’lumotlarni oshkor etmagan davlat xizmatchilarini jarimaga tortishni ko‘zda tutgan o‘zgarishlarni tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, davlat organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.