«Yoshlar» telekanali orqali 28 mart kuni efirga uzatilgan «Biz tomonlarda» ko‘rsatuvida Qoraqalpog‘iston Respublikasi nomi «Qoraqalpoq viloyati» tarzida namoyish etildi. Keyinroq telekanal bu xatolik montaj jarayoni bilan bog‘liq ekanini bildirib, uzr so‘radi.

«Bugun telekanalimiz faoliyatida juda kam-kam uchraydigan qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘yildi. Soat 12:05 da Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tayyorlangan «Biz tomonlarda» ko‘rsatuvi namoyish etilgan edi. Ko‘rsatuvda montaj jarayonidagi texnik xatolik sababli «Qoraqalpog‘iston Respublikasi»ning nomi xato ko‘rsatilgan. Ushbu qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘yilgani uchun biz, «Yoshlar» telekanali jamoasi, ko‘p sonli teletomoshabinlarimizdan uzr so‘raymiz», — deyiladi unda.

«ёшлар» telekanali, «қорақалпоқ viloyati», қорақалпоғистон республикаси

Telekanal «aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilayotganini» ham qo‘shimcha qildi.

Mazkur ko‘rsatuv «Qoraqalpog‘iston Respublikasi»ning nomi to‘g‘rilangan holda shu kunning o‘zida qayta namoyish etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning avgust oyida «Yoshlar» telekanalining «Yangi davr» ko‘rsatuvida Real Madrid jamoasi nomi yonidagi Ukraina bayrog‘i xiralashtirib ko‘rsatilgandi. Buni montajchi xato qo‘yilgan deb o‘ylagan va o‘zboshimchalik bilan berkitgan, deya tushuntirgan telekanal rahbariyati. Montajchi va mas’ul muharrir jazolangani aytilgan.