O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan tanishish uchun payshanba kuni Qoraqalpog‘istonga keldi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Yangi tashabbuslar
Tashrif Kegeyli tumanidagi yiliga 3 million donadan ziyod trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega “Aqtuba tekstil“ korxonasidan boshlandi. Har yili 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Korxonada 500 ta ish o‘rni yaratildi.
U yerda kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markazi tashkil etilgan. Unda yaqin mahallalardagi ishsiz fuqarolar hunar o‘rganadi. Davlat rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, ishchi ayollar bilan suhbatlashdi.
Shu tumanda Qoraqalpog‘istonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Dastlab oltita korxona — Beruniy tumanidagi “Beruniy bug‘doy klaster“ hamda “Rayhon apparel“, Qorao‘zak tumanidagi “Qoraqalpoq sement“ zavodining 3-bosqichi, Qo‘ng‘irot tumanidagi “KKRasi kemikal“, Nukus shahridagi “Azimut hotel“, To‘rtko‘l tumanidagi “Xozagro“ korxonalari videoaloqa orqali ishga tushirildi.
Mazkur korxonalarda jami 1 ming 100 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi, ular orqali ishlab chiqarishga 300 milliard so‘m, eksportga 20 million dollar qo‘shiladi. Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, ushbu yangi korxonalarni ishga tushirdi.
“Bu ishlar to‘xtamaydi“
Prezident matbuot xizmati Qoraqalpog‘istonda olti yil ichida (O‘zbekistonda rahbariyat almashgandan so‘ng) 15 trillion so‘mlik investitsiyalar bo‘yicha 5300 dan ortiq loyiha amalga oshirilgani, tadbirkorlar soni ikki baravar ko‘payganini, 46 ming doimiy ish o‘rni yaratilganini ta’kidladi. Butun respublika sanoati 1,3 barobar o‘sgan.
2022-yil 31-avgustda prezidentning Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilingan edi. Tadbirkorlarga jozibador biznes muhitini yaratish maqsadida foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi.
“Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan. Buning natijalari barcha tumanlarda ko‘rinyapti va bu ishlar to‘xtamaydi“, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchta yangi tashabbus
Yig‘ilishda prezident Qoraqalpog‘istonda aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan uchta yangi tashabbusni e’lon qildi.
Birinchidan, Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Buning uchun Qoraqalpog‘iston mahallalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida jamg‘arma tashkil etilib, unga 2023-yilda 250 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ikkinchi tashabbus — kadastrga ega bo‘lmagan 38 mingta uy-joy va ko‘chmas mulk obyektlariga kadastr to‘liq qilib beriladi.
Uchinchidan, 2023-yilda 4 mingta turar joy binosi quriladi. Shuningdek, respublika aholisiga zamonaviy loyiha bo‘yicha 4 mingta yakka tartibdagi uy joy qurish uchun 4 sotix yer maydoni ajratiladi.
Yig‘ilishda ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalari ham muhokama qilindi. Respublikadagi 51 ta maktabda o‘quvchilar soni me’yordan 2 baravar ko‘p ekani ta’kidlandi. 208 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti qoniqarsiz. 120 km avtomobil yo‘llari va 600 km eng gavjum ichki yo‘llar ta’mirlashga muhtoj. Elektr taqchilligi bilan bog‘liq muammolar mavjud.
Madaniy tadbir
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev keksa avlod vakillari, ijodkorlar bilan birgalikda badiiy dasturni tomosha qildi. Xalq she’rlaridan parchalar, qoraqalpoq qo‘shiqlari — “Shag‘ala“, “Dembermes“, “Nigarim“lar ijro etildi, Alisher Navoiy, Berdaq, Maxtumquli, Abay asarlaridan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovning “Tug‘ishganlik“ she’ri va “O‘zbekiston“ qo‘shig‘i ijro etildi.
Yoshlar texnoparki
So‘ng prezident Nukus yoshlar texnoparkida bo‘ldi. U yerda prezidentga quritilgan organik pomidor, oqova suvlarni tozalash va baliqlarga ozuqabop o‘simlik loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Davlat rahbari taqdim etilgan loyihalarni moliyalaviy qo‘llab-quvvatlash, amaliyotga kengroq joriy etish kerakligini ta’kidladi.
Mahallaga tashrif
Kechqurun Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi 4 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan “Altin jag‘is“ mahallasida bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, prezident u yerda bir necha soat vaqt o‘tkazgan.
2022-yilda mahalla “Obod mahalla“ dasturiga kiritilib, bu yerda yo‘llar, elektr tarmoqlari, ichimlik suvi va gaz tarmoqlari yangilandi, deyiladi xabarda.
Prezident aholi bilan muloqotda Qoraqalpog‘istonning barcha mahallalariga qo‘shimcha 500 million so‘m ajratilishini ta’kidladi.
“Muammoni mahallaning o‘zi ko‘tarsin, o‘ziga pul beraylik, o‘zi nazorat qilsin. Shunda sifat va manfaat bo‘ladi. Odamlar rozi bo‘ladi“, — deydi u.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda istiqomat qiluvchi Quo‘anshbay Seytnazarov xonadonidagi iftorlikda ishtirok etdi.
Keyin prezident sumalak saylida ham qatnashdi.