9-iyulga belgilangan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari uchun uchinchi nomzod nomi ma’lum bo‘ldi. “Yangi O‘zbekiston” gazetasining Telegram kanalida ma’lum qilinishicha, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi nomzod ko‘rsatish bo‘yicha bo‘lajak qurultoyda ko‘rib chiqish uchun Robaxon Anvarovna Mahmudova nomzodini ma’qulladi.
Robaxon Mahmudova 2020-yil iyul oyidan buyon O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari — Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
U 1958-yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan, bungacha Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi raisi, O‘zbekiston prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri lavozimlarida ishlagan. U Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
Bungacha Xalq demokratik partiyasidan partiya raisi Ulug‘bek Inoyatov, Ekologik partiyadan esa rahbar Abdushukur Xamzayev prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgandi.