Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Sangardak qishlog‘ida 110 mlrd so‘mlik sanatoriy qurilmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
20-may kuni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov qurilishi ketayotgan 200 o‘rinli “Sangardak” sanatoriysidagi ishlar bilan tanishdi. obyekt Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan barpo etilmoqda. Uning umumiy qiymati 110 mlrd so‘m bo‘lib, bino 7 qavatdan iborat.
“O‘ziga xos tabiati, sharsharasi va musaffo havosi sabab mahalliy va xorijlik sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylangan Sangardak qishlog‘ida bu kabi sanatoriylarning barpo etilishi ekoturizm rivojiga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Viloyat rahbari loyihani o‘z muddatida foydalanishga topshirish, shuningdek, mutasaddilarga sihatgoh qurilishida yuzaga kelayotgan muammolar, xususan, suv va elektr energiyasi ta’minoti masalasini hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi.