“Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” dasturi boshlovchisi, jurnalist Nozima Mahmudova 26-may kuni 31 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, jurnalistda 26-may kuni yurak operatsiyasi o‘tkazilgan, shundan so‘ng vafot etgan.
Nozima Mahmudova O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ingliz tili filologiyasi fakultetida o‘qigan.
Jurnalistik faoliyatini 2013-yilda boshlab, “Toshkent”, “O‘zbekiston 24”, “Sevimli” telekanallarida ishlagan. Hozirga qadar Qishloq xo‘jaligi vazirligi media markazi va “Yoshlar” telekanalida faoliyat olib borayotgan edi.
Uning bir nafar o‘g‘il farzandi bor.