Shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov 29-may — 9-iyun kunlari Norvegiyaning Stavanger shahrida bo‘lib o‘tadigan eng nufuzli klassik shaxmat turnirlaridan biri — Norway Chess musobaqasida ishtirok etadi. Turnirning sovrin jamg‘armasi 2,5 million kronni tashkil etadi (taxminan 243 ming dollar), g‘olib 750 ming kron (taxminan 67,6 ming dollar) oladi.
Turnirda shuningdek:
- FIDE jahon reytingi yetakchisi Magnus Karlsen (2853);
- Alirizo Firuzja (4-o‘rin, 2785)
- Hikaru Nakamura (5-o‘rin, 2775)
- Anish Giri (6-o‘rin, 2768)
- Fabiano Karuana (7-o‘rin, 2764)
- Uesli So (8-o‘rin, 2760)
- Shahriyar Mamedyarov (16-o‘rin, 2738)
- Gukesh Dommaraju (18-o‘rin, 2732)
- Nodirbek Abdusattorov (19-o‘rin, 2731)
- Aryan Tari (104-o‘rin, 2642) ishtirok etadi.
Nodirbek Abdusattorov ChessKid turnirining uchinchi bosqichida qozonilgan g‘alabani nishonlamasligini, aksincha, Stavanger-2023 turniriga, ayniqsa, Magnus Karlsen bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishini aytdi.
“Men Norwey Chess turniriga e’tibor qarataman… Albatta, u yerda Magnus o‘ynaydi. Unga qarshi o‘ynashimdan juda xursandman”, — deydi u.
Magnus Karlsen Norway Chess turnirini ketma-ket to‘rt marta yutgan (2019-yildan 2022-yilgacha), ammo u uzoq tanaffusdan so‘ng birinchi marta klassik shaxmat o‘ynaydi. Norvegiyalikning o‘zi ham ayni damda qanday formada ekanini bilmasligini ta’kidladi: “Hozir men klassik shaxmatni qanchalik yaxshi o‘ynashimni tasavvur ham qila olmayman. Uni yana sinab ko‘rish qiziqarli bo‘ladi.”