13-iyunga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududini yana o‘qqa tutdi, raketalardan biri Krivoy Rogdagi besh qavatli turar joy binosiga kelib tushdi, deb xabar berdi Dnepropetrovsk viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Sergey Lisak.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 6 kishi halok bo‘lgan, yana 25 kishi yaralangan. Ulardan 19 nafari shifoxonada qolmoqda. Hodisa oqibatida birinchi qavatdan beshinchi qavatgacha bo‘lgan xonadonlar yonib ketgan, yong‘in 700 kvadrat metr maydonni qamrab olgan.
“Uch nafar jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan. Vayronalar ostida odamlar bo‘lishi mumkin. Qutqaruvchilar ularni qidirmoqda”, — deb yozadi Lisak.
Yana bir hududda 4 kishi jabrlangan, u yerda bino va avtomobil yonib ketgan. Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi Rossiya bir kechada Ukrainaga qarata 14 ta qanotli raketa uchirgani, ulardan 10 tasi yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Hujumda to‘rtta dron ham ishtirok etgan, ulardan biri urib tushirilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Krivoy Rogdagi hujumga munosabat bildirgan holda yonayotgan besh qavatli bino aks etgan videoni e’lon qildi. Rossiya “turar joy binolari, oddiy shaharlar va odamlarga qarshi urushni davom ettirmoqda”, — deb yozadi u.