12-iyun kuni tarmoqlarda yashil hududlar favvoralar orqali yana pala-partish tarzda sug‘orilayotgani aks etgan video va fotolar tarqaldi. Ekobloger “O‘rikguli” (Mo‘’tabar Xushvaqtova) ushbu holatga bog‘liq navbatdagi kadrlarni e’lon qildi.

“Gazeta.uz” bilan suhbatlashgan blogerning so‘zlariga ko‘ra, yashil makonlar ichimlik suvi bilan sug‘orilmasa-da, uni isrof qilish noto‘g‘ri va ko‘p miqdorda quyilgan suv daraxtlarning ildizini chiritadi.

“2 yildan beri shu mavzuni ko‘tarib kelyapman. Sug‘orish favvoralari noto‘g‘ri ishlatilyapti. Ular ta’mirga muhtoj. Umuman, tizimni yangilash kerak, deb o‘ylayman. Bundan aynan shu muammolarga e’tibor qaratishni maqsad qildim. Bu orqali ichimlik suvi bo‘lmasa-da, juda ko‘p suv isrof bo‘lyapti. Baribir uni ham isrof qilish noto‘g‘ri”, — dedi u.

U e’lon qilgan suratlar Chilonzor tumanidagi yo‘llar, “Bunyodkor” stadionining atrofi va boshqa ko‘plab joylardan olingan.

“Shu vaqtgacha ushbu loyihamga hech qanday munosabat bo‘lmadi. Hech qaysi mas’ul so‘rovlarga javob bermadi. Faqat o‘tgan safar e’lon qilgan videomga nisbatan „Gazeta.uz“ o‘z maqolasida shahar obodonlashtirish boshqarmasidan izoh olib, uni chop etdi. Shundan so‘ng faqat videoda ko‘rsatilgan joylargagina e’tibor qaratildi”, — dedi ekobloger.

Uning aytishicha, bloger bu borada Ekologiya vazirligining Instagram sahifasiga murojaat qilgan, ular bu vazifa bizga tegishli emas, deya javob bergan. “O‘zsuvta’minot”ga (telefon orqali) murojaat qilib, bog‘lana olmagan.

“Yechimi topilmaguncha mana shu mavzuni ko‘tarishni reja qilganman. Bu borada yana bir nechta video e’lon qilaman. Kecha Yoshlar parlamenti bilan gaplashdim. Ular bizga yordam berishlarini aytishdi. Ko‘ramiz, ulardan umidim bor”, deya qo‘shimcha qildi u.

Ekoblogerga ko‘ra, hozirda uning loyihasiga qo‘shilish uchun ko‘pchilik qiziqish bildirmoqda.

“Buni e’lon qilgan videolarim ommalashishni boshlaganidan ham sezish mumkin. Odamlar bu muammoni o‘zlari ko‘rib yurishgan. Men e’lon qilgan videolarning ko‘p qismini menga aynan obunachilarim yuborgan. Bu ularning masalaga befarq emasligini bildiradi”, — deya ta’kidladi “O‘rikguli”.

Shuningdek, jurnalist Sanjar Said ham poytaxtda suv quvuri ochilib, noto‘g‘ri sug‘orilayotgan daraxtlarni ko‘rgani va bu haqda Xalq nazorati platformasiga xabar bergani haqida xabar qoldirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mas’ullar shundan so‘ng qisqa vaqt ichida muammoni bartaraf etgan.

Avvalroq poytaxt Obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi Maxsus sug‘orish uskunalarini ta’mirlash va saqlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi boshlig‘i “Gazeta.uz”ga ayni vaqtda tizimda yetarlicha ishchi kuchi yig‘ish qiyin kechayotgani, hududlarda kutilayotgan muammolar ham aynan xodimlar masalasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida aytgandi.