Dunyo bo‘ylab yangiliklarga qiziqish bildirayotganlar soni so‘nggi 6 yil ichida qisqarishda davom etmoqda. Bu haqda Oksford universiteti qoshidagi Reuters jurnalistikani o‘rganish instituti (Reuters Institute)ning 2023-yilda media sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hisobotida so‘z borgan. Tadqiqot 46 mamlakatdagi respondentlarning so‘rov ma’lumotlariga asoslanadi.

“Duch kelinayotgan siyosiy va iqtisodiy tahdidlarga qaramay, respondentlarning yarmidan kamrog‘i (48%) yangiliklarga muhim yoki o‘ta muhim deya qiziqish bildirmoqda”, — deyiladi hisobotda.

2017-yilda bu ko‘rsatkich 63 foizni tashkil etgandi.

Ko‘p hollarda yoki ba’zida yangiliklardan qochishlarini tan olgan respondentlarning ulushi 36% ni tashkil qildi va bu tarixiy yuqori darajalarga yaqin, deb yozadi tadqiqotchilar. Ushbu guruh quyidagilarga bo‘lingan:

  • vaqti-vaqti bilan barcha yangiliklar manbalaridan qochadi;
  • muayyan vaqtlarda yoki muayyan mavzularda yangiliklardan foydalanishni alohida cheklaydi.

Yangiliklardan qochadigan odamlar kunning muhim voqealari haqidagi yangiliklarni kamroq o‘qiydi va ijobiy jurnalistika yoki yechim jurnalistikasiga (solutions-based journalism) ko‘proq qiziqadi.

Hujjat, shuningdek, aksariyat bozorlarda televideniye va bosma nashrlar kabi an’anaviy ommaviy axborot vositalarining iste’moli kamayib borayotgani, onlayn media va ijtimoiy tarmoqlar bo‘shliqni to‘ldirmayotgani haqidagi xulosaga keldi.

Turli mamlakatlardagi aksariyat onlayn foydalanuvchilarning tan olishlaricha, ular hali ham yangiliklarni tomosha qilish yoki tinglashdan ko‘ra o‘qishni afzal ko‘radi, deyiladi hisobotda. Biroq video formatdagi yangiliklar iste’moli, xususan, Facebook va YouTube platformalarida barqaror o‘sib bormoqda. Podkastlar o‘qimishli va yoshroq tomoshabinlar orasida ko‘proq ommalashgan, lekin, umuman olganda, “ular ozchilikni tashkil qiladi”.

Facebook eng ommabop ijtimoiy tarmoqlardan biri bo‘lib qolmoqda, biroq uning yangiliklar manbasi sifatidagi ta’siri kamayib bormoqda, chunki kompaniya “e’tiborni yangiliklardan uzoqlashtirmoqda”. Ijtimoiy tarmoq YouTube va TikTok bilan ham raqobatga duch kelmoqda.

Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab yoshlar guruhining yangiliklarni veb-saytlar yoki ilovalarni ochgan holda o‘qishi ehtimoli juda kam. Ular odatda ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv asosida yoki agregatorlar orqali yangiliklar o‘qishni afzal ko‘radi.