Human Rights Watch tashkiloti nashida ortidan qamalgan 20 yoshli Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish uning din va e’tiqod erkinligi huquqini buzishini qayd etdi va O‘zbekiston hukumatidan uning apellyatsiyasi adolatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashni so‘radi.

“Ulug‘murodov va boshqalarning “ekstremistik materiallar”ni tarqatgani uchun qamoqqa olinishi, ular bu orqali zo‘ravonlikni qo‘zg‘agani yoki zo‘ravonlikka undash niyatida bo‘lgani to‘g‘risida hech qanday dalil bo‘lmasa, jinoiy repressiyaning haddan tashqari ko‘p qo‘llanishi hisoblanadi. Hokimiyat Ulug‘murodovning so‘z va e’tiqod erkinligi huquqini himoya qilishi va bunday hukmlarni bekor qilish choralarini ko‘rishi kerak”, — deydi tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mira Ritman.

Bayonotda aytilishicha, diniy qo‘shiq HRW tomonidan o‘rganib chiqilgan va tashkilot uni bevosita zo‘ravonlikka da’vat qilmaydi, deb hisoblaydi.

“O‘zbekiston hukumati ekstremizmga qarshi kurashishga to‘liq haqli, biroq bu samarali bo‘lishi uchun mamlakat qonunchiligida mustahkamlangan ekstremizm bilan bog‘liq qoidalarni qisqartirishi kerak. O‘zbekistonning xalqaro hamkorlari musulmonlar va boshqalar o‘z e’tiqodlarini tinch yo‘l bilan amalga oshirgani sababli qamalmasligi uchun qonunlarni xalqaro inson huquqlari standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha hukumat bilan hamkorlik qilishi kerak”, — degan Mira Ritman.

Eslatib o‘tamiz, YouTube`dagi nashidani Telegram guruhga yuborgan 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodovning 3 yilga qamalgani ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Keyinchalik Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi “tergov idoralari uning harakatlarini to‘g‘ri malakalagan”, deya xabar berdi. Shuningdek, yigitning onasi Gulchehra Umarova o‘g‘li bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oliy sudga videomurojaat yo‘lladi.

Oliy sud matbuot xizmatining xabar berishicha, ish hujjatlariga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodovga tegishli bo‘lgan iPhone X smartfoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan vaqtda uning foydalanuvida bo‘lgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak, rozi bo‘lingiz” nomli jihod va hijratga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidalarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan Alhamdulillah nomli guruhga tarqatgani aniqlangan.

Shu sababli yigitga tegishli mobil aloqa vositasi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilib olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tumani sudining 8-maydagi hukmiga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodov (2002-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti — tugallanmagan oliy)ga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.