Mobillik “jiddiy o‘zgarishlar bo‘sag‘asida” va uning asosiy natijalaridan biri shaxsiy avtomobillardan foydalanishning qisqarishi bo‘ladi, deyiladi McKinsey & Company xalqaro konsalting kompaniyasining “The future of mobility” (“Mobillik kelajagi”) hisobotida.

McKinsey prognozlariga ko‘ra, 2035-yilga kelib butun dunyo bo‘ylab shaxsiy avtomobillardagi tashuvlar ulushi 2022-yildagi 45 foizdan 29 foizga tushadi. Ayniqsa, Yevropa va AQSh shaharlarida avtomobillardan foydalanish keskin kamayadi.

“Jamoat transporti, skuterlar, elektr velosipedlar va mini-avtomobillar — juda kichik uch yoki to‘rt g‘ildirakli transport vositalari avtomobil sotib olishga qodir bo‘lmagan odamlar uchun oxirgi chora emas, balki afzal ko‘rilgan transport turiga aylanishi mumkin”, — deyiladi hisobotda.

Kompaniyaning qayd etishicha, bir qancha mamlakatlar hukumatlari “tirbandlikni qisqartirish va gaz chiqarishni kamaytirish” uchun yo‘llardagi avtomobillar sonini qisqartirish choralarini ko‘rmoqda va iste’molchilar “yanada samaraliroq, yashilroq va qulayroq transport variantlarini tanlamoqda”.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, “shahar aholisi … o‘zgarishlarning katta qismini rag‘batlantiradi” va mobillik infratuzilmasidagi “katta o‘zgarishlar” “katta ehtimol bilan dastlab shaharlarda sodir bo‘lishi mumkin”.

Bugungi kunda, McKinsey hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 1,3 mlrd avtomobil ishlatilmoqda, ularning aksariyati xususiy mulkdir. “Xususiy transport vositalari tirbandlikni keltirib chiqaradi, chunki ular odatda jamoat transporti yoki boshqa umumiy safar variantlariga qaraganda kamroq yo‘lovchilarni tashiydilar”, — deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, mutaxassislar ta’kidlaganidek, ko‘plab avtomobillar quruvchilarni garajlar qurishga va mahalliy hokimiyat organlari, masalan, xiyobonlar uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan “shusiz ham yetishmayotgan shahar yerlarini o‘zlashtirib”, ko‘proq mashina qo‘yiladigan joylarini yaratishga majburlaydi.

Tirbandlikni kamaytirish uchun yo‘llar va tegishli infratuzilmani kengaytirish hukumatni ularni saqlash va ishlatish uchun ko‘proq mablag‘ sarflashga majbur qiladi. Va eng muhimi, xususiy avtomobillarga egalik darajasining yuqoriligi uglerod chiqindilarining ko‘payishiga yordam beradi”, — deyiladi hisobotda.