Toshkent The Economist jurnalining tahliliy bo‘limi Economist Intelligence Unit ma’lumotlariga ko‘ra, hayot sifati bo‘yicha shaharlar reytingida (Global Liveability Index 2023) 173 mamlakat ichida 157-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston poytaxti 53,9 ball to‘pladi va o‘tgan yilgi reytingga nisbatan 13 pog‘ona pastladi, o‘tgan yil davomida o‘z ko‘rsatkichlari bo‘yicha boshqalarga qaraganda yomonlashgan yetakchi o‘ntalikka kirdi.

Shaharlarning jozibadorligi besh toifadagi 30 ta ko‘rsatkich bilan o‘lchanadi: ijtimoiy barqarorlik, sog‘liqni saqlash, madaniyat va atrof-muhit (bu ikkisi bir toifaga kiradi), ta’lim va infratuzilma.

Vena yana yashash uchun eng qulay shahar deb topildi. Avstriya poytaxti barqarorligi, yaxshi infratuzilmasi, sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmati, shuningdek, ko‘plab madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar tufayli o‘z yetakchiligini saqlab qolmoqda.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Kopengagen va Melburn egalladi. Eng yaxshi o‘nlikka, shuningdek, Sidney, Vankuver, Syurix, Kalgari, Jeneva, Toronto, Osaka va Oklend kirdi.

Reytingda so‘nggi o‘rinni Suriyaning Damashq shahri egalladi. Bundan tashqari, yashash uchun qulay bo‘lmagan shaharlar o‘ntaligiga Duala, Kiyev, Xarare, Dakka, Port-Morsbi, Karachi, Lagos, Jazoir va Tripoli kirdi.