Markaziy saylov komissiyasi prezident saylovlari natijalarini tasdiqladi. Shavkat Mirziyoyev 87,05% ovoz bilan g‘alaba qozondi

O‘zbekiston prezidentining muddatidan oldin o‘tkazilgan saylovida ovoz berishning yakuniy natijalariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 87,05% ovoz bilan g‘alaba qozondi. Robaxon Mahmudova 4,43%, Ulug‘bek Inoyatov 4,02%, Abdushukur Hamzayev 3,74% ovoz to‘pladi. Buni Markaziy saylov komissiyasi tasdiqladi.

AQSh O‘zbekiston prezidentining islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

AQSh elchixonasi O‘zbekistondagi muddatidan ilgari prezidentlik saylovi yakunlari bo‘yicha bergan bayonotida Qo‘shma Shtatlar Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturini amalga oshirish va mamlakatda boshqaruv tizimini takomillashtirishda yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.

Raqobat yo‘q, lekin yaxshi tashkil etilgan. YeXHT DIIHB missiyasi — prezidentlik saylovi to‘g‘risida

O‘zbekistonda prezidentlik saylovi “yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan” bo‘lsa-da, “haqiqiy raqobat”dan xoli bo‘ldi, deydi YeXHT DIIHB missiyasi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, saylov kuni “sokin o‘tdi”, lekin qonunbuzarliklarsiz emas. OAVda tanqidiy yoritilmagani saylovchilarning “ongli tanlov”iga to‘sqinlik qildi.

Shavkat Mirziyoyev “Temir yo‘l”, “Avtoyo‘l”, “Suvta’minot” rahbarlari va boshqa amaldorlarni ishdan oldi

Prezident videoselektor yig‘ilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, transport vaziri o‘rinbosari, “Suvta’minot” rahbari Sohib Saifnazarov, “Temir yo‘l” rahbari Husnutdin Xosilov va “Avtoyo‘l” rahbari Abdurahmon Abduvaliyev lavozimidan ozod etdi.

Xalq ishonchini oqlash uchun jonimni fido qilishga tayyorman" — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti etib qayta saylanganidan keyingi ilk nutqida xalqning yuksak ishonchini oqlash uchun bor bilim, tajriba va kuchini sarflashini, kerak bo‘lsa, buning uchun jonini ham berishga tayyorligini ta’kidladi.

12 nafar hokim ishdan bo‘shatildi, Bosh prokuratura ularning faoliyatini tekshiradi

Shavkat Mirziyoyev 10 ta tuman va 2 ta shahar hokimini investitsiya ko‘rsatkichi qoniqarsizligi uchun ishdan bo‘shatish bo‘yicha topshiriq berdi. Bosh prokuratura va Hisob palatasiga ularning faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

“Bizning ruxsatimizsiz birlashsa, jazoga tortiladi”. Raqobat qo‘mitasi raisi — Uzum va Click birlashishi haqida

Raqobat qo‘mitasi raisi Shohruh Shorahmedov Uzum va Click kompaniyalari qo‘mita ruxsatisiz birlashsa, jazoga tortilishini ma’lum qildi. Avvalroq kompaniyalar o‘zaro birlashgani to‘g‘risida qo‘shma bayonot bergan, keyinroq esa qo‘mita hali birlashuv bo‘yicha rasmiy bitim tuzilmaganini bildirgandi.

Surxondaryodagi bankda amaliyot o‘tagan talabalar o‘zganing kartasidan 75 mln so‘mdan ortiq pulni yechib oldi

Surxondaryodagi banklardan birida amaliyot o‘tayotgan ikki nafar talaba o‘zganing kartasidan 75,7 million so‘m o‘zlashtirib, so‘ng shahardagi bir nechta bankomatlarda yuzlarini yashirgan holda pul yechib olgan. Ularning ikkisi ham ozodlikdan mahrum etildi.

Samarqandda daydi itlar bolakayga tashlandi. Itlar egasi qidirilmoqda

Samarqand shahrida itlar yo‘lda ketayotgan bolakayga tashlandi. Voqeaga guvoh bo‘lgan taksi haydovchisi itlarni haydab, bolakayga yordam berdi. Holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlangan, itlarning egasi aniqlangan taqdirda unga nisbatan chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Navoiy viloyatida brakonerlar ona-bola jayronni otib tashladi

Navoiy viloyati Navbahor tumanida urg‘ochi jayron va uning bolasini otib o‘ldirgan brakonerlar qo‘lga olindi. Jonivor Qizil kitobga kiritilgan bo‘lib, yetkazilgan zarar 33 mln so‘mga baholanmoqda.

“G‘ishtko‘prik” bojxona posti oldida erkak o‘tkinchiga pichoq bilan hujum qildi

Qozog‘iston bilan chegaradagi “G‘ishtko‘prik” bojxona posti oldida 58 yoshli erkak yo‘lda ketayotgan notanish shaxsga pichoq bilan jarohat yetkazdi. PPX xodimlariga ham qarshilik qilgan shaxs rezina tayoq yordamida zararsizlantirildi. Jarohatlangan erkak kasalxonaga yotqizilgan.

Chirchiqda 27 yoshli yigit o‘zini ko‘p qavatli uy balkonidan tashlab vafot etdi

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida 27 yoshli yigit ko‘p qavatli uyning balkon qismidan tushib, vafot etdi. Mart oyidan beri unda ruhiy buzilish kuzatilgani aytilmoqda. Prokuratura tergovga qadar tekshiruv harakatlarini boshladi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan tahlilnoma va maqola:

48,7% dan 96,5% gacha. Toshkentda Shavkat Mirziyoyevga qanday ovoz berishdi? (47 ta uchastka misolida)

“Gazeta.uz” Toshkent shahridagi 47 ta (ular jami 822 ta) saylov uchastkasi ma’lumotlarini tahlil qildi. G‘olib Shavkat Mirziyoyev ularda 48,7 foizdan 96,5 foizgacha ovoz to‘pladi. Ayrim uchastkalarda haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar ulushi qolgan uchta nomzodning umumiy foizlaridan ham yuqori bo‘lgan.

“Bizga kislorod kerak”. Toshkentdagi mahalla aholisi 18 ming daraxt kesilishidan xavotirda

Prezident qarori va farmoni bilan poytaxtdagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti Andijonga ko‘chirilmoqda. Institutga yaqin joyda yashovchi aholi esa 18 mingga yaqin daraxtlar taqdiridan xavotirda. Ular “Gazeta.uz” bilan suhbatda hukumatga murojaat qilib, hududni milliy bog‘ga aylantirib berishni so‘radi.