3−11-iyul kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO-2023)da O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Medal sohiblari:

  • Behruz Tursunov — Toshkent shahri Yunusobod tumani 274-maktabning 11-sinf o‘quvchisi;
  • G‘olibjon Sharifov — Buxoro viloyati Kogon tumani 3-maktabning 10-sinf o‘quvchisi;
  • Muhammadibrohim Egamberdiyev — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyining 2-kurs o‘quvchisi.

Al-Ayn shahrida bo‘lib o‘tgan olimpiadada 80 mamlakatdan jami 310 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, medal sohibi oliy ta’lim muassasasiga test sinovlarisiz, davlat granti asosida qabul qilinadi. Keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan taqdirda lavozim maoshiga 150 foiz har oylik ustama oladi.

Ularga olingan 3-o‘rin (bronza medal) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (66 mln so‘m), ustoziga 150 baravar (49,5 mln so‘m) pul mukofotlari beriladi.

2022-yilda Armanistonda o‘tgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasida o‘zbekistonlik Aziza Abduvaliyeva bronza medalini qo‘lga kiritgandi.

U “Gazeta.uz” bilan suhbatda “xalqaro olimpiada bolaga o‘zini ko‘rsatish uchun maydon” ekanini aytgan. Shuningdek, biologiyani o‘rganishdagi muammolar, olimpiadadagi ishtiroki haqida so‘zlab bergan. Aziza bilan suhbatni o‘qishni tavsiya qilamiz.