Surxondaryodagi banklardan birida amaliyot o‘tagan ikki nafar talaba o‘zganing plastik kartasidan pul o‘g‘irlashda aybdor deb topildi, deb xabar qildi IIV matbuot xizmati.
Surxondaryolik fuqaro o‘z kartasidan noma’lum shaxslar 75,7 million so‘mni yechib olgani sababli huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan.
Surxondaryo viloyati IIB Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida amaliyotchilar tanishining nomiga bank kartasi rasmiylashtirib, bank xodimlarini aldab, ushbu pullarni o‘zlashtirib olgani ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng ular Termiz shahrida joylashgan bankomatlarda yuzlarini qora ko‘zoynak, tibbiy niqob va bosh kiyim kiygan holda naqd pul yechib olgan.
Gumonlanuvchilar tezkor tadbirda aniqlandi. Ulardan ashyoviy dalil sifatida telefon va bank kartalari olib qo‘yildi. Keyinchalik, ular 59,8 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘z onasiga o‘tkazib bergani tasdiqlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib o‘g‘rilik qilish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, materiallar sudga yuborilgan. Aybdorlarning biri 2 yil 3 oyga, ikkinchisi 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi.