5−13-iyul kunlari Yaponiyaning Chibo shahrida o‘tayotgan 64-Xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) 3 nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

G‘olib o‘quvchilar:

  • Ozodbek Axtamov -Toshkent shahri Al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan maktabi 9-sinf o‘quvchisi;
  • Anvarbek Raxmatov — Buxoro viloyati Qorako‘l tumani ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi;
  • Anvarbek Sadulloyev — Buxoro viloyati Peshku tumani 18 -maktab 11-sinf o‘quvchisi.

Ushbu olimpiadada dunyoning 112 ta mamlakatidan jami 623 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun, prezident qaroriga muvofiq 3-o‘rin (bronza medal) uchun o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (66 mln so‘m), uning ustoziga 150 baravar (49,5 mln so‘m) pul mukofoti beriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik yoshlar 1997-yildan boshlab ishtirok eta boshlagan mazkur nufuzli musobaqada hozirga qadar 10 ta kumush va 32 ta bronza medallari qo‘lga kiritilgan.

Avvalroq BAAda o‘tgan Xalqaro biologiya olimpiadasida O‘zbekistondan 2 nafar maktab va 1 nafar litsey o‘quvchisi bronza medallarini qo‘lga kiritgandi.