Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov Kun.uz (Web Expert MCHJ) va uning jurnalisti Shokir Sharipov ustidan sudga murojaat qildi.

12-iyun kuni nashr jurnalist Shokir Sharipovning “Davlat amaldorining „ipakdan to‘qilgan“ biznes to‘ri. Soha shaxsiy tomorqaga aylantirilganmi?” sarlavhali surishtiruvini e’lon qildi.

Materialda aytilishicha, Bahrom Sharipov go‘yoki rafiqasi va boshqa qarindoshlari orqali jun tolalari, ipak va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan o‘nlab korxonalar bilan bog‘langan.

Materialda Bahrom Sharipov sohani tartibga soluvchi qo‘mitaga rahbarlik qilishi hisobga olinsa, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkinligiga ishora qiladi.

Jurnalistning ta’kidlashicha, ipakchilikka mas’ul qo‘mita va “O‘zipaksanoat” uyushmasi vakillari Bahrom Sharipov aslida tadbirkor bo‘lgani, ipakchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyati bilan soha rahbarligiga kelgunga qadar ham shug‘ullanganini ma’lum qilgan. Ammo surishtiruvda tug‘ilgan savollarga javob berilmadi, deyiladi maqolada.

Bahrom Sharipov o‘z da’vo arizasida (nusxasi “Gazeta.uz”da mavjud) Kun.uz maqolasidagi ma’lumotlarni asossiz deb atadi hamda bu o‘zi va oilasining obro‘siga putur yetkazganini qayd etdi. Ta’kidlashicha, u tasodifan Ipchilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbari hamda “O‘zipaksanoat” uyushmasi raisi lavozimlariga tayinlanib qolmagan.

Mulozimning aytishicha, u 2017-yilgacha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan. O‘sha yilning fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, xitoylik investorlar bilan hamkorlikda ochilgan Huashen Silworm Pro korxonasi faoliyati bilan tanishadi. Shundan so‘ng davlat rahbari “O‘zipaksanoat” uyushmasini ochish bo‘yicha topshiriq beradi va uning rahbari lavozimiga Bahrom Sharipovni tavsiya qiladi.

2017-yil apreldan u uyushmani boshqarishni boshladi, so‘ngra 2020-yil sentabrida bir vaqtning o‘zida yangi tuzilgan qo‘mitaga ham rahbar bo‘ldi. Sharipov 2023-yilning yanvaridagina uyushma rahbari lavozimini tark etgan va shuning uchun “hozirda bu tashkilotga hech qanday aloqasi yo‘q”.

Qo‘mita rahbari uning rafiqasi va qarindoshlari bilan bog‘liqligi aytilayotgan kompaniyalar haqidagi ma’lumotlarni “noxolis va biryoqlama” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, 2016-yilda tizimda 19 ta korxona faoliyat ko‘rsatib, quvvatlardan foydalanish darajasi 17 foizni tashkil etgan. Hozir esa korxonalar soni 74 taga, quvvati esa 100 foizga yetdi. Murojaatga 2016-yildan buyon o‘zgarishlar tahlili ilova qilingan bo‘lib, unda ipakchilik sohasidagi barcha ko‘rsatkichlar o‘sgani ko‘rsatilgan.

Uning fikricha, 2017−2022-yillarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgan har qanday xolis odam maqolada aytilganidek, soha “shaxsiy tomorqa”ga aylantirilmagan, degan xulosaga keladi.

Shuningdek, uning fikricha, ushbu maqola prezidentning ipakchilikni rivojlantirish borasidagi siyosatini obro‘sizlantiradi, chunki bu boradagi ishlar uning 10 dan ortiq farmon va qarorlari doirasida amalga oshirilmoqda.

Bahrom Sharipov ushbu sohadagi 74 ta kompaniyaning hech birida ulushi yo‘qligini ta’kidladi. Uning tan olishicha, rafiqasi to‘rtta kompaniyada ulushga ega, biroq ular uyushma tashkil etilishidan ancha oldin tuzilgan. Boshqa barcha korxonalar unga yoki uning oilasiga aloqador emas, bu bilan bog‘liq holda “sohani shaxsiy monopollashtirish to‘g‘risida”gi so‘zlar uydirma va tuhmatdir, deyiladi arizada.

Bahrom Sharipov, shuningdek, 2013-yil aprel oyida tashkil etilgan Karomat-Oyijon Surxon fermer xo‘jaligi rahbariyati manfaatlar to‘qnashuvi yoki qonun buzilishi emasligiga e’tibor qaratdi.

Qo‘mita rahbari mehmonxona xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi 1001 Nights kompaniyasida ulushga ega ekanligi haqidagi ma’lumotni ham rad etdi.

Kun.uz maqolasida amaldorning rafiqasi Sayyor Sharipova, shuningdek, uning o‘g‘illari Mashrabshoh Baxromov va Botirbek Baxromov ham shirkatlarda ulushga ega ekani ko‘rsatilgan. Da’vogar “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunda davlat xizmatchisining o‘zi uchun cheklovlar nazarda tutilgani, oila a’zolari va yaqin qarindoshlariga tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq talablar yo‘qligini ta’kidladi.

Bahrom Sharipov sudlanuvchilardan raddiya e’lon qilish, omma oldida kechirim so‘rash hamda Kun.uz va jurnalist Shokir Sharipovdan ma’naviy zarar uchun 1 mlrd so‘m undirishni talab qilgan.

Toshkent shahar Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida sud majlisi 20-iyul kuni soat 15:30 ga belgilangan. Ishni sudya Anvar Hamroyev ko‘rib chiqadi.