12-iyul kuni “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-223-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil Xivada:
- martda “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiri;
- may oyida Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlarining XII sessiyasi o‘tkaziladi.
2023−2024-yillarda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi:
- “Taste of Uzbekistan Festival” shiori ostida gastronomik festival;
- Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan “Strongmen” xalqaro bahodirlar musobaqasi;
- “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasidagi tadbirlar.
Shuningdek, xalqaro tadbir logotipi hamda Xiva shahri haqida o‘zbek, rus, ingliz, arab va fransuz tillarida qo‘llanma ishlab chiqiladi.
2023-yil oktabrda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning turistik tashkilotlari, OAV vakillari, blogerlarni jalb qilgan holda Xorazm viloyati bo‘ylab infotur tashkil etiladi.