14-iyul kuni Kavkazdan kirib kelayotgan havo respublika hududi bo‘yicha harakatini davom ettiradi va barcha joylarda issiq zaiflasha boshlaydi. Bu haqda O‘zgidromet xizmati agentligi xabar berdi.
Juma kuni kunduzi havo harorati +35…+39 darajani tashkil etadi, eng chekka janubda +41…+44 darajagacha bo‘ladi. Dam olish kunlari respublika hududining katta qismida harorat +33…+38 daraja atrofida bo‘ladi, faqat ba’zi joylarda +39…+40 darajaga yetadi.
14−16-iyul kunlari respublikaning barcha hududlari bo‘yicha asosan quruq va kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.
Poytaxtda 14−16-iyul kunlari asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3−8 m/s tezlikda esadi, 14-iyul kechga tomon va 15-iyulda 12−15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Bugun kunduz kuni harorat +37…+39 daraja, dam olish kunlari +35…+38 daraja bo‘ladi.