O‘zbekiston Oliy sudi 4 yil (2019−2022) davomida ko‘rib chiqilgan ishlar, sudlanganlar soni hamda ularning jinsi va jazo turlari bo‘yicha statistik ma’lumotlarni ochiqladi.
Unda keltirilishicha, birinchi instansiya sudlarida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari va sudlanuvchi shaxslar soni 4 yil davomida o‘sib borgan (1-jadval).
2019 | 2020 | 2021 | 2022 | ||||
ish | shaxs | ish | shaxs | ish | shaxs | ish | shaxs |
28 846 | 36 845 | 30 282 | 38 137 | 47 657 | 61 263 | 58 697 | 75 078 |
1-jadval. Birinchi instansiya sudlarida jinoyat ishlarini ko‘rib chiqilishi dinamikasi.
Bunda 2019-yilda ko‘rilgan ishlar 28 846 ta tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib bu ko‘rsatkich 58 697 taga yetgan. Sudlanuvchi sifatida qatnashgan shaxslar mos ravishda qariyb 2 baravarga oshib, 36 845 nafardan 75 078 nafarga yetgan.
Statistikaga ko‘ra, 2019-yilda 27603 kishi sudlangan bo‘lsa, 2022-yilga kelib bir yilda 56 mingdan ortiq shaxs sudlangan (2-jadval).
2019 | 2020 | 2021 | 2022 |
27 603 | 27 999 | 45 010 | 56 542 |
2-jadval. Shaxslarning sudlanganlik holati dinamikasi
Oliy sud taqdim etgan raqamlarga ko‘ra, mamlakatda og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi ba’zi jinoyatlarni sodir etish ham o‘sgan. Xususan, to‘rt yilda qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlar 2019-yilda 376 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib 422 taga yetgan. 2021-yilda esa 440 tani tashkil etgan.
Bundan tashqari, nomusga tegish bilan bog‘liq jinoyatlar soni ham oshgan. O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilantalon-toroj qilish bo‘yicha jinoyatlar to‘rt yilda 2 barobardan ko‘proqqa oshgan (3-jadval).
Jinoyat turi / Yil | 2019 | 2020 | 2021 | 2021 |
Qasddan odam o‘ldirish (JK 97−101-moddalari) | 376 | 377 | 440 | 422 |
Nomusga tegish (JK 118-moddasi) | 154 | 141 | 160 | 170 |
O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (JK 167-moddasi) | 2457 | 1528 | 3883 | 5891 |
3-jadval. Sodir etilgan ayrim jinoyat turlari bo‘yicha ma’lumot.
Statistik ma’lumotda keltirilishicha, sudlanganlar orasida voyaga yetmaganlar soni to‘rt yilda 3,5 baravarga oshgan. Xususan, 2019-yilda bu ko‘rsatkich 497 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib 1773 taga yetgan.
To‘rt yilda ozodlikdan mahrum qilinganlar soni qariyb 3 barobar ortgan. Ular soni 2019-yilda 6955 kishi bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilda 17610 kishiga yetgan (4-jadval).
2019 | 2020 | 2021 | 2022 |
6955 | 7107 | 12 922 | 17 610 |
4-jadval. Ozodlikdan mahrum qilinganlar soni.
Shuningdek, 2019-yil boshidan 2023-yil mart oyiga qadar mamlakatda umrbod ozodlikdan mahrum etilganlar 11 nafarni tashkil etgan. Bunda, 2019-yilda 2 kishi, 2020-yilda 3 kishi, 2021-yil 4 kishi, 2022 va 2023-yilning birinchi choragida 1 tadan kishi “oliy jazo”ga hukm qilingan.