O‘zbekiston maktablari uchun yuqori internet tezligiga ega tarif rejalari joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, umumta’lim maktablari uchun yuqori tezlikda va cheklovlarsiz kirish imkonini beradigan “New Education” tarif rejasi ishlab chiqiladi. Tarif bo‘yicha internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o‘quvchilar soni 400 nafardan ko‘p bo‘lganlarda — kamida 100 Mbit/s bo‘ladi.

Bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud 25-iyul kuni boshlanadi

Jinoyat kodeksining firibgarlik, tovlamachilik va boshqa moddalari bilan ayblanayotgan bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud 25-iyulda bo‘lib o‘tadi. Ishda 14 nafar jabrlanuvchi mavjudligi va ularga jami 903 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Pedagoglar malakasini oshirish instituti mansabdorlari katta miqdorda pul o‘zlashtirishda gumonlanmoqda

Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish institutida prorektorga aloqadorligi aytilgan firmaga 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ortiqcha to‘lab berilgani aniqlandi. Antikorrupsiya agentligi manfaatlar to‘qnashuvi yuz bergani va holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Buxoroda jadidchilikka bag‘ishlangan ilk muzey ochiladi

Buxoro shahridagi “Hovli poyon” uyida O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi ishtirokida jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan ilk muzey tashkil etilmoqda. Bu uy O‘rta Osiyo jadidchiligi yetakchilaridan biri Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevga tegishli bo‘lgan.

O‘zbekistonda professional futbol klublari ijtimoiy soliqdan boshqa barcha soliqlarni to‘lashdan ozod etildi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, “Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, futbol hakamlari markazi va professional futbol klublari 2026-yilgacha ijtimoiy soliqdan tashqari barcha soliqlarni to‘lashdan ozod etildi. Ular jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilari ham daromad solig‘i to‘lamaydi.

Qoraqalpog‘istonda brakonerlar tuzog‘iga tushgan ikki bug‘u halok bo‘ldi

Qoraqalpog‘istonning Beruniy davlat o‘rmon xo‘jaligi uchastkasida 2 ta Buxoro bug‘usining jasadi topildi. Ular brakonerlar tuzog‘iga tushib qolishi oqibatida halok bo‘lgan. Holat bo‘yicha gumonlangan 3 kishi qo‘lga olindi.

O‘zbekiston jahon pasportlari reytingida 78-o‘ringa ko‘tarildi

O‘zbekiston Henley & Partners konsalting kompaniyasining jahon pasportlari reytingida besh pog‘onaga yuqorilab, 78-o‘rinni egalladi. Yaponiya 5 yil ichida birinchi marta reytingda yetakchilikni yo‘qotdi, uning o‘rnini Singapur egalladi. Afg‘oniston pasporti esa eng kuchsiz deb topildi.

DXX giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanishda gumonlangan 8 kishini qo‘lga oldi

DXX hududlarda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanishda gumonlangan 8 kishini qo‘lga oldi. Ulardan biri tojikistonlik narkokur’erlar yashirib ketgan moddani olib ketayotganida, yana biri Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan narkotikni sotayotganida ushlandi.

Xususiy OTMlarga yiliga faqat bir marta qabul talabi qo‘yildi. Bu qonunga zid

Prezidentning yangi farmoniga ko‘ra, nafaqat davlat, balki xususiy va xorijiy OTMlar ham bakalavriat va magistraturaga yiliga faqat bir marta qabul qila oladi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda qabul tartibini xususiy OTMlarning o‘zi belgilashi ko‘rsatilgan. Ko‘p martalik qabul dunyo bo‘ylab keng tarqalgan.

“Vaqf” fondi 6 oyda 16,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni xayriya qildi

“Vaqf” xayriya jamoat fondi so‘nggi 6 oyda 16,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni xayriya sifatida sarfladi. Fond ushbu pullar qaysi yo‘nalishlarga yo‘naltirgani haqida ma’lumot berdi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola:

Kolonka: Boshqalarning qarzlari yuki

Toshkentdagi korxonalardan birining direktori Vladimir Srapionov nega hamkorlari to‘lamagan QQS uchun javobgar bo‘layotganiga javob izlarkan, korxonasining Kontragentlar reyestrini o‘rganib, qiziq detallarga duch kelmoqda. Nega tadbirkorlar haligacha o‘z kontragentlarining qarzlari bo‘yichajavobgar bo‘lmoqda?