Qirg‘iziston harbiy va qo‘sh maqsadli tovarlar ustidan eksport nazoratini kuchaytirish bo‘yicha “qator choralar” ko‘rdi. Bu haqda Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi ma’lum qildi. Bayonot AQSh ommaviy axborot vositalarida Rossiyaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam bergani uchun AQShning ushbu mamlakatga qarshi sanksiyalar joriy etish rejalari haqidagi xabarlari ortidan e’lon qilindi.

Bayonotda ta’kidlanganidek, bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar joriy yilning mart va aprel oylarida AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya vakillarining Qirg‘izistonga tashrifidan so‘ng ko‘rilgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ikki maqsadli tovarlar xavflarni boshqarish tizimiga kiritilgan va ularni ruxsatnomasiz Qirg‘izistonga olib kirish mumkin emas.

“Shuningdek, eksport nazorati ostida bo‘lgan tovarlarni noqonuniy olib kirish/eksport qilishning oldini olish bo‘yicha Qirg‘iziston Respublikasi ishbilarmon doiralari bilan doimiy asosda tushuntirish ishlari olib borilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Shuningdek, vazirlik Yevropa Ittifoqi vakolatxonasi va AQShning respublikadagi elchixonasiga eksport nazoratini takomillashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilinganini bildirdi. Jumladan, Qirg‘iziston Bryusselga Yevroittifoq mamlakatlarida ikki maqsadli mahsulotlarni eksport qilishda oxirgi foydalanish sertifikatlarini so‘rashni taklif qildi.

“Bu Qirg‘iziston tomoni ushbu sertifikat orqali ikki maqsadli tovarlarni import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni nazorat qilishi uchun zarur”, — deya tushuntirdi Iqtisodiy savdo vazirligi.

Vazirlik 2022-yilda Qozog‘istonda Qirg‘izistondan RFga olib ketilayotgan 14 ta Xitoyning DJI Agras T30 droni qo‘lga olinganini tan oldi. Bayonotda ta’kidlanishicha, yetkazib beruvchi kompaniya import hujjatlarini olish uchun ariza bermagan va bu eksport nazorati sohasidagi yagona qoidabuzarlik bo‘lgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “Qirg‘iziston davlatining o‘zi ham, biron-bir davlat tuzilmasi va kompaniyalari ham AQSh hamda G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan sanksiya cheklovlari bilan o‘rnatilgan qoidalarga rioya qilish tartibini buzishda ishtirok etmasligini” ta’kidladi.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sanksiyalar bo‘yicha cheklovlarni buzishda xususiy kompaniyalar va firmalarning “ehtimoliy ishtiroki”ni tan oldi va ularni aniqlash bo‘yicha ish boshlanganini e’lon qildi.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov ham hukumat sanksiya qo‘yilgan tovarlar mamlakat chegarasini kesib o‘tmasligi va “sanksiyalar bo‘lgan joyga bormasligi” choralarini ko‘rishda davom etishiga ishontirdi.

Uning ta’kidlashicha, bundan tashqari, rasmiylar savdoning shaffof o‘tkazilishini ta’minlashga harakat qilmoqda. “Dunyodagi vaziyat juda tez o‘zgarmoqda, ayniqsa yirik davlatlar nimanidir xohlasa. Biz to‘g‘ri yo‘nalishda ishlayapmiz. Shuning uchun men biznesdan so‘rayman — to‘satdan u yerda tasodifan boshqa narsa paydo bo‘lib qolmasligi uchun elektron hisob-fakturalarni oling”, — dedi mamlakat Vazirlar Mahkamasi rahbari.

Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalar

Avvalroq The Washington Post (WP) amerikalik rasmiylarga tayanib, Rossiyaga sanksiya qo‘yilgan tovarlar, jumladan, Xitoy dronlari, optik nishonlari va bomba sxemalari yetkazib berilishi tufayli Qo‘shma Shtatlar Qirg‘izistonga qarshi “iqtisodiy choralar” tayyorlayotgani haqida yozgan edi.

Nashrning yozishicha, Qirg‘izistondan Rossiyaga eksport hajmi 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oldidan o‘tgan yilga nisbatan 250 foizga oshgan.

Suhbatdoshlardan biri mamlakatni “barcha omillar bir vaqtning o‘zida sanksiyalardan qochish uchun qulay muhit yaratayotganining yaqqol namunasi” deb atadi.

Qirg‘izistonning Vashingtondagi elchixonasi WP nashriga mamlakat rasmiylari kontrabanda va boshqa noqonuniy savdoga qarshi kurashda xalqaro qoidalarga rioya qilishga sodiq ekanini ma’lum qildi. Diplomatlar, shuningdek, “real iqtisodiy kontekst”ni ham hisobga olishni so‘ragan: Rossiya va Qirg‘iziston YeOII a’zolaridir va Rossiya hududida mamlakatning milliondan ortiq fuqarosi ishlaydi.

Kreml ham Qirg‘izistonga qarshi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar haqidagi ma’lumotlar bo‘yicha izoh berdi. “Qirg‘iziston Rossiyaning yaqin hamkori, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar va integratsiya jarayonlari rivojlangan, RF ularni yanada rivojlantirish niyatida”, — deya ma’lum qildi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.