Hukumat komissiyasi O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovga Toshkentdagi Aziya Invest Favorit qurilish kompaniyasi uylaridan kvartira sotib olgan 1091 nafar hissador muammosini hal etish bo‘yicha takliflar kiritdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.

Avvalroq fuqarolar Yashnobod tumani Izzat ko‘chasida Aziya Invest Favorit tomonidan qurib bitkazilgan va qurilayotgan sakkizta ko‘p qavatli uydan kvartira sotib olgani, qurilish kompaniyasi banklardan kredit olish uchun sotilgan kvartiralarni garovga qo‘ygani, so‘ngra kredit to‘lanmagani uchun banklar kvartiralarni tortib olgani haqida yozgan edik. 21-iyul kuni hukumat rahbari xonadon egalari bilan uchrashdi.

Sud qarorlari va kelishuv bitimlariga asosan qurilayotgan to‘rtta uydagi 652 xonadon garov sifatida banklar balansiga o‘tkazilgan. Komissiya fuqarolarning garovga qo‘yilgan kvartiralarini quruvchining boshqa mol-mulklariga, jumladan, tergov jarayonida xatlangan 227,8 mlrd so‘mlik mol-mulkiga almashtirishni taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, pudratchi mulkni sotishdan tushgan mablag‘ (16 mlrd so‘m) va oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha fuqarolar to‘lashi shart bo‘lgan to‘lovlar (27 mlrd so‘m) hisobidan hukumat komissiyasi nazorati ostida uy-joylar qurilishini yakunlash taklif etildi. Qurilish ishlarini qisqa muddatda yakunlash, fuqarolarga kadastr hujjatlarini berish rejalashtirilgan.

Shuningdek, quruvchi noqonuniy qurilish uchun mijozlardan pul undirgani xabar qilinmoqda. Birinchi variant sifatida, tergov natijalariga ko‘ra, istisno tariqasida, sudning yakuniy qarorini kutmasdan, fuqarolarga yetkazilgan zararni qurilish tashkiloti mulkini sotish yo‘li bilan qoplash taklif etilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, gap quruvchi aholidan olgan 161,7 mlrd so‘m haqida ketmoqda.

Ikkinchi variant — “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJga tegishli 4,5 gektar yer uchastkasini Toshkent shahar hokimligiga qaytarish, keyin esa uni ko‘pchilik fuqarolarning pullarini olishning imkoni bo‘lmasa, alohida kimoshdi savdosi orqali sotish to‘g‘risida hukumat qarorini qabul qilish.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining loyiha taklifi asosida yer uchastkalarini yopiq auksionda sotib oladigan vakolatli pudratchilarni jalb qilgan holda 2000 xonadonga mo‘ljallangan 25 va 16 qavatli uylar qurish taklif etilmoqda.

Avval yozganimizdek, Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga bir oy muddatda tuzilgan shartnomalar doirasida yangi binolardan kvartira oluvchilarning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va hukumatga kiritish topshirilgan edi.

Gap to‘lovlarni sug‘urtalash, mulkiy huquqlarni belgilash, talab va me’yorlarga rioya qilmagan yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini oshirish, pul mablag‘larini qaytarish kafolatlarini kuchaytirish haqida bormoqda.