“Yangi Toshkent” bosh rejasini ishlab chiqishga jahon arxitektura byurolari — Singapurning Meinhardt, Britaniyaning Foster + Partners va Gollandiyaning OMA kompaniyalari jalb qilingan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 20-iyuldagi “Yangi Toshkent”ni qurish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi.

“Gazeta.uz” Meinhardt Group injiniring-investitsiya kompaniyasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida “Yangi Toshkent” loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Loyiha-injiniring markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolangani haqida yozgan edi. Kompaniya shaharning birinchi bosqichi uchun 1 mlrd dollarlik bosh rejani ishlab chiqishi kerak.

Kelishuvga ko‘ra, markaz fevral-mart oylarida ochilishi, aprel-may oylarida “Yangi Toshkent” loyihasining bosh rejasi konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgandi. Loyihaning batafsil rejasini ishlab chiqish iyul-oktabr oylarida kutilgandi.

Meinhardt Group — 1955-yilda tashkil etilgan Singapurdagi eng yirik muhandislik va investitsiya kompaniyasi. U butun dunyo bo‘ylab shu jumladan Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Maldiv orollari, Qatar, Kambodja, Vetnam, Hindiston va boshqa mamlakatlarda 510 ta yirik infratuzilma va sanoat obyektlarini (loyihalar ro‘yxati) qurishda ishtirok etgan. Loyihalar orasida bir necha bor dunyoning eng yaxshi aeroporti deb tan olingan Singapurning Changi aeroporti birinchi terminali qurilishi ham bor. Xodimlar soni 5000 kishi.

Foster + Partners - bosh ofisi Londonda joylashgan Britaniya arxitektura firmasi. 1967-yilda Norman Foster tomonidan asos solingan. Bir qator mamlakatlar shaharlari uchun bosh rejalar, xususan, Bangkok yaqinidagi turar-joy binolari qurilishi bosh rejasi, Hindistondagi hukumat shahrining bosh rejasi, Gretsiyadagi Elinikon bosh rejasi, Berlindagi Reyxstag binosini rekonstruksiya qilish loyihalari, Angliyadagi Uembli va Ispaniyadagi Kamp Nou stadionlari, Gonkongdagi HSBC banki binosi (o‘sha vaqtda dunyodagi eng qimmat bino bo‘lgan), Kupertinodagi Apple kampusi, Buyuk Britaniyadagi IBM shtab-kvartirasi va boshqalar (ro‘yxat). Foster + Partners, shuningdek, Ostonadagi Tinchlik va kelishuv saroyi, Xan Shatir va Abu Dabi Plaza binolarini ham loyihalashtirgan.

OMA (Office for Metropolitan Architecture) — Niderlandiyaning arxitektura, shaharsozlik va madaniy tahlil bilan shug‘ullanadigan dizayn byurosi (loyihalar ro‘yxati). 1975-yilda Londonda tashkil etilgan. OMAning eng yirik shaharsozlik loyihalari — Lillning tarixiy markaziga yaqin joylashgan “Erolill” hududi (bosh rejasi — 1989−1994, amalga oshirish — 1990-yillardan beri), Gollandiyaning Almere markazining bosh rejasi (loyiha — 1994-yildan, amalga oshirish — 1998−2007-yillar), Germaniyadagi Sexe-Sollferayn shaxtasini qayta tiklash rejasi (2002, 2010-yilda amalga oshirilgan). Katta Moskva loyihasini ishlab chiqishda qatnashgan (2012).

“Gazeta.uz” avvalroq poytaxtdan sharqda Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida “Yangi Toshkent” aqlli shahri qurilishini o‘z ichiga olgan Toshkentning bosh rejasi loyihasi haqida batafsil ma’lumot bergan edi. U 20 ming gektar maydonni egallaydi va 500 ming kishiga mo‘ljallangan. Biroq 2045-yilgacha bor-yo‘g‘i 6 ming gektar maydonni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Ushbu hisob-kitoblar asosida rivojlanish va qurilishlarning istiqbolli hududlari, shuningdek, poytaxtni yangi shahar bilan bog‘lovchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqildi. Prezident 18-mart kuni “Yangi Toshkent” qurilishiga tamal toshini qo‘ydi.