Rossiyadagi o‘zbekistonliklar urush hududlariga ishga bormaslikka chaqirildi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadagi urush zonalariga ishlash uchun bormaslik va harbiy harakatlarda qatnashmaslikka chaqirdi.

O‘zbekistondagi kamida 5 ta bank AQSh sanksiyalari e’lon qilinganidan keyin “Yunistrim” bilan ishlashni to‘xtatdi

AQSh Rossiyaning “Yunistrim” to‘lov tizimiga sanksiya kiritgach, O‘zbekistondagi kamida 5 ta bank u bilan ishlashni to‘xtatdi. Tizimning ishlashi Qozog‘iston, Armaniston va Gruziyada ham cheklandi.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda

Qonunchilik palatasi deputatlari qabul qilgan qonun loyihasiga ko‘ra, etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

“Bozorlar guruch bilan ta’minlangan va zaxiralar yetarli”. Qishloq xo‘jaligi vazirligi guruch narxi oshib ketishi haqidagi xabarlarni rad etdi

Tarmoqlarda Hindiston guruch eksportini taqiqlashi ortidan O‘zbekistonda mahsulot narxi oshib ketishi haqida xabar tarqaldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu holat narxlarga ta’sirini ko‘rsatmasligi, bozorlar guruch bilan uzluksiz ta’minlangani va zaxiralar yetarli ekanini bildirdi.

Sanepidqo‘mita yil boshidan buyon 164 kishida qizamiq aniqlanganini ma’lum qildi

Sanepidqo‘mita xorijdan kelgan qizamiq bilan og‘riganlar bilan aloqada bo‘lgan fuqarolarda qizamiq kasalligi aniqlanayotganini ma’lum qildi. 2023-yil boshidan buyon 306 kishidan qizamiq shubhasi bilan qon namunalari olinib, ulardan 164 nafarida kasallik qayd etilganini ma’lum qildi.

Toshkent metropoliteni vagonida kiyim namoyishini o‘tkazgan modellardan tushuntirish xati olindi

Model va dizayner Madina Maxmudova (Rixdinas) Toshkent metropoliteni vagonida kiyimlar namoyishini o‘tkazib, videosini tarmoqqa joyladi. Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi video metropoliten bilan kelishilmay olingani uchun modellar bilan tushuntirish ishlari olib bordi.

Buxoroda balandligi 100 metr bo‘lgan ilk yirik quvvatli shamol turbinasi o‘rnatildi

Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyasi qurilishi doirasida balandligi 100 metr, parraklari 84 metr bo‘lgan ilk turbina o‘rnatildi. Bu qurilmadan yana 157 ta o‘rnatilishi kerak. Stansiyalarning ilk quvvatlari 2024-yilda ishga tushiriladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov “Lans” klubi futbolchisiga aylandi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Fransiyaning “Lans” klubiga o‘tdi. Fransiya chempionati Yevropaning kuchli beshlik chempionatlaridan biri hisoblanadi. “Lans” klubi o‘tgan mavsum bu ligada vitse-chempion bo‘lgan va UEFA Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi

Jinoyat kodeksining 5 ta moddasi bilan ayblanayotgan bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. 25-iyul kuni bo‘lib o‘tgan ilk ochiq sud majlisida OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi. Ishda 14 nafar jabrlanuvchi mavjudligi va ularga jami 903 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Olmaliqda ikki nafar o‘quvchi qizni urib yuborgan Damas haydovchisiga hukm chiqarildi

May oyida Damas haydovchisi svetoforning qizil chirog‘iga o‘tib ketib, ikki o‘quvchi qizni urib yuborgan, ulardan biri 9 kundan keyin shifoxonada vafot etgan edi. Sud haydovchiga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish hamda 2 yil transport boshqarish huquqini cheklash jazosini tayinladi.

Narzullo Oblomurodov Toshkent moliya instituti prorektori bo‘ldi

Davlat ekologiya qo‘mitasining sobiq boshlig‘i, Ekopartiyaning sobiq rahbari, 2021-yilgi saylovda prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan Narzullo Oblomurodov Toshkent moliya instituti prorektori etib tayinlandi. Oliygohga, shuningdek, Alimnazar Islamkulov ham prorektor bo‘ldi.

Yozuvchi Luqmon Bo‘rixon 58 yoshida vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Luqmon Bo‘rixon 58 yoshida vafot etdi.

Jasur Salixov Toshkentdagi Green University rektori bo‘ldi

Jasur Salixov yangi tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)ga rektor etib tayinlandi. U bunga qadar Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti prorektori lavozimida faoliyat yuritgan.

Namanganda ichida 5 nafar bola bo‘lgan Damas kanalga tushib ketdi

Namangan shahrida Shimoliy Farg‘ona kanaliga tushib ketgan Damas mashinasini qutqarish paytida ichida 5 nafar bola bo‘lgan yana bir Damas kanalga tushib ketdi. Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi, bir nafari shifoxonaga yotqizilgan.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola va reportajlar:

Tadqiqot: Haddan tashqari issiqlik to‘lqinlari — iqlim inqirozi natijasi

So‘nggi haftalarda Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoni qamrab olgan haddan tashqari issiqlik to‘lqinlari issiqxona gazlari emissiyasi natijasida yuzaga kelgan global isish tufayli paydo bo‘lgan, deyiladi World Weather Attribution tadqiqotida.

Daraxtlar suvni qaytaradi. O‘zbekiston fermerlari va olimlari iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi qanday kurashyapti?

Sharofiddin Musayev har ko‘chatga yiliga atigi 17 litr suv sarflab, Kitobning qovjiragan adirlarida yong‘oqzorlar bunyod etadi. Qachonlardir bu joylar ko‘m-ko‘k o‘rmon edi, ammo aholi daraxtlarni o‘tin qilib yuborgan. Shunga qaramay, namliksiz ham daraxtlarni qaytarish mumkin. Sabina Bakayeva reportaji — shu haqda.

“Islohotlarni to‘g‘ri amalga oshirmasangiz, korrupsiya va oligarxiya paydo bo‘ladi” — Britaniya elchisi

Britaniya elchisi Tim Torlou “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida islohotlar, siyosiy muammolar, so‘z erkinligining mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni haqida so‘zladi. U yangi elchi nima uchun o‘zbek tilini o‘rganayotgani va O‘zbekistonning Ukrainadagi urush bo‘yicha pozitsiyasi nimadan darak berishiga ham to‘xtaldi.