24-iyul kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda energetika sohasida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Favqulodda vaziyatlar rejimi 1-avgustdan 2026-yilning 31-dekabriga qadar joriy etilgan. Farmon “Qirg‘iziston Respublikasini iqlim muammolari, Norin daryosi havzasida suv oqimining kamligi va energiya iste’moli tez sur’atlar bilan o‘sib borishi sharoitida ishlab chiqarish quvvatlarining yetishmasligi bilan bog‘liq energetika inqirozidan chiqarish bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rish maqsadida” imzolangan.

Farmon Energetika vazirligiga qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish uchun yaroqli yer uchastkalarini belgilash va ajratish, keyinchalik ularni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yashil energiya jamg‘armasiga o‘tkazish huquqini beradi.

1-sentabrgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga yaroqli yer uchastkalarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, maqsadli foydalanilmayotgan yoki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, energetika obyektlarini loyihalash va qurish ishlari boshlanmagan yer uchastkalarida foydalanish huquqini bekor qilish boshlanadi.

O‘sha kuni Sadir Japarov “Kabar” agentligiga bergan intervyusida Qirg‘izistonda suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun kunlik tartibga solish basseynlari qurilishini bildirdi.

“Hozir Sovet davrida qurilgan basseynlar ishlayapti. Kelgusi yildan boshlab biz bor kuchimizni yangi basseynlar qurishga sarflaymiz. Yetarlicha mablag‘ ajrataylik. Ular qurilgach, suv muammosi hal bo‘ladi”, — dedi prezident.

“Agar mustaqillikka erishganimizdan buyon mamlakatimizda har yili bittadan shunday basseyn va bitta GES qurilsa, hozir 33 ta GES va 33 ta basseyn bo‘lar edi. 33 GES kamida 300 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Va bu faqat bitta yo‘nalish. Agar sanab o‘tsangiz, hali ko‘p muammolar bor. Bizdan sabr va vaqt talab etiladi”, — dedi davlat rahbari.