Narzullo Naimovich Oblomuradov Toshkent moliya instituti Kuzatuv kengashi qarori bilan mazkur universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori etib tayinlandi. Bu haqda universitet saytida xabar berildi.
Narzullo Oblomurodov (1975-yilda tug‘ilgan) 1996-yilda Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, 2000-yilda Birmingem universitetini (Buyuk Britaniya) tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston prezidentining Xalq qabulxonasi faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish bo‘limiga rahbarlik qilgan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari (2020-yilda tayinlangan), O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi (2021-yilda saylangan) bo‘lgan.
U 2021-yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini ko‘rsatgan va yakunda 4,1 foiz ovoz olgan. O‘sha yilning dekabr oyida Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston vazirlik va idoralari soni qisqartirilib, qayta tashkil etilganidan so‘ng u tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari etib tayinlangandi. Iyun oyida u boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.
Shuningdek, institut kuzatuv kengashi tomonidan iqtisod fanlari doktori, professor Alimnazar Xujamuratovich Islamkulov Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor etib tayinlandi.