Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka qayta saylanganidan so‘ng O‘zbekistonning iqtisodiy istiqbollari yuzasidan o‘z bahosini e’lon qildi.
Agentlik “Mirziyoyevning prezidentlik boshqaruvi uzaytirilishining boshqaruv sifati va institutlar mustaqilligiga ta’siri vaqt o‘tishi bilan namoyon bo‘ladi”, deb hisoblaydi.
“Boshqaruv standartlarini yanada takomillashtirish va siyosiy riskni yumshatish reytingning ijobiy tarafga siljishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardir”, — deya ta’kidlagan Fitch. Mart oyida Fitch O‘zbekiston reytingini “BB-” darajasida, “barqaror” prognozi bilan tasdiqlagandi.
Agentlik Jahon bankining 2021-yilga mo‘ljallangan boshqaruv ko‘rsatkichlari reytingida O‘zbekiston o‘z mavqeini sezilarli darajada yaxshilaganini, bu birinchi navbatda “tartibga solish sifati” va “davlat samaradorligi” parametrlarining yaxshilanishi bilan bog‘liqligini eslatdi.
Prezident qayta saylanganidan so‘ng “konstruktiv” muxolifatni olqishlashini aytdi, ammo “agar parlamentning o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimini ta’minlash bo‘yicha samaradorligi pasaysa, bu hukumatning mas’uliyatni qabul qilish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va Jahon bankining boshqaruv ko‘rsatkichlari reytingida mamlakat o‘rnining pasayishga olib kelishi mumkin”, deyiladi sharhda.
Fitch so‘nggi paytlarda hukumat “jamoatchilikning boshqaruvga nisbatan munosabatiga ochiqroq reaksiya bildirayotganining” belgilari kuzatilayotganini qayd etgan.
“Ayni damda Vazirlar Mahkamasi va byurokratik apparatni qisqartirish, ish samaradorligiga qarab rag‘batlantirish standartlarini joriy etish uchun jiddiy imkoniyat bor”, — deyiladi agentlik xabarida.
Fitch O‘zbekistonning 2023-yilda elektr energiyasi tariflarini liberallashtirish rejalarini “keyingi islohotlarga tayyorlikning birinchi belgisi” sifatida baholamoqda.
Agentlik prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023-yilda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi “yaxshi darajada” — 4,7 foiz bo‘lib, 2024-yilda 6 foizgacha oshadi va 2025-yilda investitsiyalarning kuchli o‘sishi (qisman xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirilgan), chet elda ishlaydigan fuqarolarning Rossiyadan pul o‘tkazmalari barqaror oqimi saqlanib qolishi va inflyatsiyaning pasayishi (bu elektr energiyasi tariflari islohotini qo‘llab-quvvatlashi mumkin) sharoitida 5,8 foizni tashkil etadi.
O‘zbekiston reytingining ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ikkinchi omil — yalpi ichki mahsulot o‘sishi va makroiqtisodiy barqarorlikni oshirishga qaratilgan tizimli islohotlarning izchil amalga oshirilishi bo‘lib, bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot bo‘yicha solishtiriladigan emitentlar bilan oradagi farqni sezilarli darajada qisqartirishiga olib keladi.
“O‘zbekiston iqtisodiyoti Ukrainadagi harbiy harakatlar va Rossiyaga qarshi sanksiyalar oqibatlariga chidamliligini namoyish etdi, shu bilan birga, bu risklarning rivojlanishi bilan bog‘liq noaniqlik mavjud. O‘zbekiston Rossiya bilan yaqin savdo aloqalarini davom ettiradi va biz ishonamizki, prezident Mirziyoyev hukumati bu aloqalarni saqlab qolishga intiladi va ayni vaqtda G‘arb davlatlari bilan aloqalarni, ayniqsa, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ta’siridan qochish uchun ham saqlab qolishga intiladi”, — deyiladi agentlik xabarida.