Prezident 26-iyul kuni Toshkentni toza havoli megapolislardan biriga aylantirish to‘g‘risidagi [PF-112-sonli] farmonni imzoladi. Adliya vazirligi hujjatning asosiy bandlarini keltirib o‘tdi.

Poytaxtni toza havoli maskanga aylantirish haqida Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka qayta saylanishidan avvalroq — 5-iyulda Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashgan vaqtida aytib o‘tgandi. Unda kelgusi yetti yilda yashil hududni 5 barobarga ko‘paytirib, 5 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgani aytilgan.

Farmonga ko‘ra, madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobonlar va bulvarlar qiyofasini o‘zgartirish, yashil hududlarni keskin ko‘paytirish orqali poytaxtni toza havoli megapolislardan biriga aylantirish Toshkent shahrini 2030-yilgacha rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Shahar bo‘ylab har yili kamida 1 mln dona manzarali, mevali ko‘chatlar va qalamchalar ekiladi. Har bir mahallada mingtadan daraxt ko‘chatlari ekish ishlari davom ettiriladi. Yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha bir qator hujjatlar, moratoriylar e’lon qilinishiga qaramay, nafaqat Toshkent, balki butun O‘zbekistonda daraxtlarni noqonuniy kesish to‘xtamayapti. Yil boshidan buyon daraxtlarni kesishdan ko‘rilgan zarar 3,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, hujjatda Yangi Toshkent hududidagi 50 gektar maydonda yirik Akvapark va 35 gektar sun’iy ko‘l tashkil qilinishi ham belgilangan. Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda akvapark qurilishi uchun 200 mln dollar mablag‘ ajratilishi haqida gapirgandi.

Unda odamlar madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratiladi. Ishlar 2023−2026-yillarda amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, Toshkent shahrida qo‘shimcha 4 ming gektar yashil hududlar tashkil etiladi. Hozir poytaxtda yashil maydonlar hajmi 900 gektar bo‘lib turibdi.

Shahar infratuzilmasini yaxshilash tartibi 2027-yil 1-yanvargacha huquqiy eksperiment tarzida o‘tkaziladi. Bunda davlat va tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

Farmonda keltirilishicha, Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi etib qayta nomlandi. Davlat va tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.