31-iyul kuni ertalab Rossiya armiyasi Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatidagi Krivoy Rog shahriga raketa hujumi uyushtirdi. Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari Igor Klimenkoning xabar berishicha, raketalardan biri ko‘p qavatli turar-joy binosiga, ikkinchisi esa o‘quv muassasasining to‘rt qavatli binosiga kelib tushgan.

“Ikkinchi raketa turar-joy binosining 4-qavatidan 9-qavatigacha bo‘lgan qismini vayron qildi. Yong‘in chiqdi”, — deyiladi xabarda.

Favqulodda xizmatlar yong‘inni o‘chirish va vayronalarni saralash ishlarini olib bormoqda, uning ostida odamlar bo‘lishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.

Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmatining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana 43 kishi, jumladan, to‘rt bola yaralangan.

Krivoy Rog harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Vilkulning aniqlik kiritishicha, raketalardan shaharning markaziy qismidagi aholi zich joylashgan hududiga zarba berilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Krivoy Rogga qilingan hujumga munosabat bildirib, zarba oqibatlari aks etgan lavhalarni e’lon qildi. “So‘nggi kunlarda dushman o‘jarlik bilan shaharlarga, shaharlar markazlariga zarba bermoqda. Fuqarolik obyektlari va uy-joylarni o‘qqa tutmoqda. Ammo bu terror bizni qo‘rqitmaydi va sindirmaydi. Biz ishlaymiz va xalqimizni qutqaramiz”, — deb yozadi u.

30-iyulga o‘tar kechasi Rossiya poytaxtidagi “Moskva Siti” biznes markaziga ikkita dron hujum qildi. Moskva meri Sergey Sobyanin “ikkita ofis minorasining jabhalari biroz shikastlanganini”, qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘qligini aytdi. BBC xabariga ko‘ra, shikastlangan binolardan birida Rossiyaning qator vazirliklari idoralari joylashgan.

May oyining boshidan beri Moskvaga to‘rt marta uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan hujum uyushtirildi. Ukraina bu hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.