Farg‘ona viloyatida 27-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda qator hokimlar va boshqarma boshliqlari lavozimidan ozod qilingandi. Jumladan, hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun ishdan bo‘shatilganlar orasida Marg‘ilon shahri hokimi Adham Ziyavitdinov ham bo‘lgan.
Adham To‘xtasinovich Ziyavitdinov 1961-yilda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 2020-yil 4-aprelda Marg‘ilon shahriga hokim etib tayinlangan.
Ammo Ziyavitdinov ishdan olingani aytilganidan bir kun o‘tib — 28-iyul kuni farmoyish chiqargan. Mazkur hujjat E-qaror.gov.uz portaliga joylashtirilgan.
Unga ko‘ra, shahar hokimining yordamchisi Oyatullo Maxmudov hamda shahar hokimligi kotibi Gulhayo Maqsudovaga “o‘ziga topshirilgan vazifani vijdonan bajargani va mehnatda yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgani munosabati bilan” 2-chorak daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismidan oylik ish haqining 2 baravari miqdorida qo‘shimcha haq to‘lash belgilangan.
Foto: E-qaror.gov.uz
Hokim o‘z farmoyishiga Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 6−7-may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 19-sonli majlis bayonining 18-bandi ijrosini ta’minlashni asos qilib olgan.
Farmoyish yashirildi
Materialni tayyorlash jarayonida Adham Ziyavitdinovning portalga joylashtirilgan farmoyishi yopib qo‘yildi.
Farmoyish o‘rnida “Ushbu hujjat mazmunida shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli yashirilgan”, degan yozuv paydo bo‘ldi.
Foto: E-qaror.gov.uz
“Gazeta.uz” Marg‘ilon shahri hokimligi matbuot xizmati rahbari bilan ushbu masala yuzasidan bog‘landi.
“28 [iyul] kuni kechki payt [bo‘shash bo‘yicha] ariza yozgan. Hokim o‘sha kuni ishdan rasman ketmagan. 29-iyul [shanba kuni]da ishdan bo‘shatilgan. Hozir bu farmoyish bo‘yicha viloyat prokuraturasi o‘rganish ishlarini olib bormoqda”, — deya holatga aniqlik kiritdi hokimlik mas’uli.