JSST 7-avgust kuni Iroqda Cold Out (paratsetamol va xlorfeniraminning kombinatsiyasidan iborat) siropining bitta partiyasi sifat talablariga javob bermaganini bildirib, ushbu dori xavfidan ogohlantirdi.

Paratsetamol va xlorfeniraminning kombinatsiyalangan siroplari shamollash va allergiya alomatlarini davolash va yengillashtirish uchun ishlatiladi.

Cold Out siropi namunasi Iroqdagi laboratoriya tahliliga topshirilganda namunada qabul qilib bo‘lmaydigan miqdorda dietilenglikol (0,25%) va etilenglikol (2,1%) borligi aniqlandi. Ular uchun maqbul xavfsizlik chegarasi 0,10% dan oshmasligi kerak.

Ushbu ogohlantirish fonida SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

Xabarga ko‘ra, Cold Out siropi Fourrts Laboratories (Hindiston) tomonidan Dabilife Pharma uchun ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning tarkibida toksinlar borligi qayd etilgan.

Shuningdek, Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur dori vositasi Iroqda o‘tkazilgan alohida sinovlarda sifat talablariga javob beramagach, erkin savdodan qaytarib olingan.

Markaz mazkur dori O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganini ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan fuqarolar xavotirga tushmasligini bildirdi.

“2023-yil fevral oyidan boshlab yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga kirib kelayotgan sirop shakldagi dori vositalari tarkibi dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari bo‘yicha chuqur tekshirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada qat’iy nazorat o‘rnatilgan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Hindistonda O‘zbekistonda yil boshida bolalarning ommaviy o‘limiga aloqador yo‘tal siropini ishlab chiqargan kompaniya — Marion Biotech litsenziyasidan mahrum bo‘lgan. “Dok-1 Maks” siropidan O‘zbekistonda 20 dan ortiq bola vafot etgan.

Shuningdek, Marion Biotech kompaniyasi o‘z mahsulotlarida yuvish vositalari, antifriz, bo‘yoqlar va boshqa mahsulotlarda qo‘llanadigan zaharli modda — sanoat propilenglikolidan foydalangan bo‘lishi mumkinligi ham xabar qilingan.