Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi O‘sh viloyatidagi 39 ta masjid va 21 ta islomiy ta’lim muassasasi mamlakatdagi diniy obidalarni ommaviy tekshirish doirasida yopilganini ma’lum qildi. Bu haqda 24.kg nashri qo‘mitagaga asoslanib xabar qildi.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi press-relizidan iqtibos keltirgan 24.kg`ga ma’lum bo‘lishicha, diniy muassasalar yopilishga qurilish, sanitariya va yong‘in qoidalarining buzilishi, shuningdek, diniy ta’lim muassasalarida yagona ta’lim standartlari yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Diniy obyektlarni tekshirgan komissiya tarkibi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi, Sog‘liqni saqlash, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari va boshqa davlat idoralari vakillaridan iborat.

Xabarda tekshiruvdan ko‘zlangan maqsad “Diniy ekstremizm mafkurasi va noan’anaviy oqimlar yoyilishiga qarshi kurashish” deb ataladi. Masjidlarning betartib rivojlanishi, ta’lim me’yorlarining buzilishi bunga sabab bo‘layotgan asosiy omillar sifatida ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, maxsus komissiya tomonidan 48 ta masjid va 40 ta diniy ta’lim muassasasida qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, ularga nisbatan dalolatnomalar tuzilib, tegishli farmoyishlar berildi. 39 ta diniy muassasa va ziyoratgoh ma’muriyati jarimaga tortildi.

Iyun oyida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan tuzilgan maxsus komissiya O‘sh bilan chegaradosh Jalolobod viloyatida noqonuniy faoliyat yuritayotgan 60 ta masjidni aniqlagan edi.