O‘zbekiston prezidenti 9-avgust kuni “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlarni imzoladi. Hujjat O‘zA tomonidan e’lon qilindi va kuchga kirgan.

Hujjatda narkologik kasalliklardan aziyat chekuvchi shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni nafaqat narkologiya muassasalari, oila a’zolarining (qarindoshlarining) iltimoslariga asosan, balki ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko‘ra ham rasmiylashtirish zarurati yuzaga kelgani ta’kidlanadi.

Mazkur tartib narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar tomonidan fuqarolar xavfsizligi va sog‘lig‘iga tahdid qilinishi, jamoat tartibi buzilishi, huquqbuzarliklar sodir etilishi hollarining oldini olish maqsadida joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserlari bilan bir qatorda tegishli mutaxassislar mavjud bo‘lgan boshqa tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazilishi mumkinligi belgilanmoqda.

“Ushbu Qonun narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolanishga yuborish tashabbusi bilan chiqadan shaxslar doirasini kengaytirishga, huquqbuzarliklar sodir etilishinining oldini olishga hamda narkologik yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmati qiladi”, — deyiladi hujjatda.