10-avgust kuni soat 16:20 atrofida Toshkent shahrining Uchtepa tumanida avtomashina va avtobus ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakat xavfsizligi xizmati.
Tumanning TXAY — Poygoh ko‘chalari kesishmasida 1963-yilda tug‘ilgan A.T. boshqaruvida bo‘lgan Yutong rusumli avtobusi 1989-yilda tug‘ilgan R.B. boshqaruvidagi Spark avtomashinasi bilan YTH sodir etgan.
“7-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 13-sonli avtobus qo‘shimcha yo‘l (karmashka)dan belgilangan yo‘nalishi bo‘ylab me’yoriy tezlikda harakatlanayotganda yo‘lga chiqib qolgan Spark avtobusning o‘ng tomoni bilan to‘qnashib ketgan. YTH oqibatida tan jarohat olganlar bo‘lmagan.
Oxirgi paytlarda, xususan, iyul oyida poytaxtda yangi avtobuslar ishtirokida qator YTHlar sodir bo‘ldi. Xususan, 27-iyul kuni Istirohat ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan 147-yo‘nalishdagi Yutong avtobusiga “ZIL” haydovchisi uni o‘ng tomondan quvib o‘tmoqchi bo‘lganida shikast yetgan.
24-iyul kuni yengil avtomobil haydovchisi qoidalarni buzib, YTH holatini yuzaga keltirgan va 28-yo‘nalishdagi elektrobus haydovchisi keskin tormoz bosishga majbur bo‘lgan. Oqibatda avtobus yo‘lovchilaridan biri yiqilib, shifoxonaga olib ketilgan.
19-iyul kuni Yakkasaroy tumanida 77-sonli avtobus haydovchisi yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Fuqaro olgan tan jarohatlari sababli shifoxonada vafot etgan.
10-iyul kuni 147-yo‘nalishda harakatlanayotgan Mercedes-Benz rusumli avtobusning motor qismida yong‘in sodir bo‘lgan, hech kim jabrlanmagan.
Shuningdek, 2-avgust kuni kechqurun Mirzo Ulug‘bek tumanida Yutong rusumli yo‘lovchi avtobusi va Malibu rusumli yengil avtomobil to‘qnashgan.