Rossiyaning Tver viloyatida bortida 10 kishi bo‘lgan Embraer Legacy xususiy samolyoti halokatga uchradi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bortdagilarning barchasi halok bo‘lgan”, — deya ta’kidladi vazirlik.

Moskvadan Sankt-Peterburgga uchayotgan samolyot Kujenkino aholi punkti yaqinida qulagan.

Rosaviatsiyaning xabar berishicha, yo‘lovchilar ro‘yxatida “Vagner” XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning ism-familiyasi ham bor. Shuningdek, halokat yuzasidan tergov boshlangani qayd etildi.

Tver viloyati gubernatori Igor Rudenya aviahalokat bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga oldi. Viloyat rahbariyatining aniqlik kiritishicha, voqea joyida huquq-tartibot idoralari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ishlamoqda. Voqea tafsilotlari va o‘lganlar soniga aniqlik kiritiladi.

Keyinroq favqulodda xizmatlar vakilining RIA Novostiga ma’lum qilishicha, halokat joyida sakkiz kishining jasadi topilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning bir qator Telegram-kanallari, jumladan, Mash va Baza Yevgeniy Prigojinga tegishli bo‘lgan samolyot halokatidan oldin guvohlar ikki marta kuchli gumburlagan ovozni eshitganini xabar qilgani haqida yozdi. Shundan so‘ng samolyot qanoti va stabilizatori qulab tushgan.

Samolyot halokati versiyalaridan biri — bortdagi teraktdir, deb yozadi Mash. Hozirda, Telegram-kanal xabariga ko‘ra, ma’lumotlar maxsus xizmatlar tomonidan tekshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 23-iyun kuni Yevgeniy Prigojin harbiy qo‘zg‘olonga urinish tashabbusi bilan chiqqan edi. “Vagner” XHK rahbari o‘zining bir guruh jangchilari, o‘zining aytishicha, 25 ming kishi bilan 24-iyun kuni Rostov-Donni nazorat ostiga oldi va Moskva tomon harakatlana boshladi. U Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovning iste’fosini talab qildi. Kun oxirida, Moskvadan 200 km uzoqlikda bo‘lgan Prigojin kolonnani ortga qaytarib, jangchilarni dala lagerlariga qaytarishga qaror qildi. Uning o‘zi Belorussiyaga ketdi, shundan so‘ng uning qayerdaligi haqida to‘liq ma’lumot bo‘lmadi.