O‘zgidromet xizmati agentligi direktori Sherzod Habibullayev 26−28-avgust kunlari O‘zbekiston hududiga nam va salqin havo massalari kirib kelishini ma’lum qildi.
Respublika hududi bo‘yicha 26−27-avgustda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zi joylarda 23−25 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
27−28-avgust kunlari kunduzi havo harorati +23…+28 darajagacha pasayadi. 26-avgustda respublika shimolida va cho‘l hududlarda, 27−28-avgustda qolgan hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
Infografika: Khabibullakhoja Sherzodkhoja / Facebook
Kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi hisobiga respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 27−29-avgust kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘raldi.