11-sentabr kuni Saudiya Arabistoni mezbonlik qilayotgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ilk medallarini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
-81 kg vazn toifasida bahs olib borgan Muhammadqodir Toshtemirov dast ko‘tarish mashqida 164 kg natija bilan oltin medalga ega chiqdi.
Siltab ko‘tarishdagi 188 kg unga mazkur yo‘nalishda medal taqdim qilmadi. Ammo u ikki kurash hisobida 352 kg bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar:
- Oskar Martines (Italiya) — 356 (163+193) kg
- Rahmat Abdulloh (Indoneziya) — 354 (145+209) kg
- Muhammadqodir Toshtemirov (O‘zbekiston) — 352 (164+188) kg.
Musobaqa 4-sentabrdan beri davom etmoqda, shu kunga qadar musobaqada qatnashgan Sarvarbek Zafarjonov, Adhamjon Ergashev (2019-yilgi jahon chempioni) va Doston Yoqubovlarga medal nasib etmadi.
Turnir davomida yana Sharofiddin Amriddinov, Ruslan Nurudinov (Olimpiya chempioni), Akbar Jo‘rayev (Olimpiya chempioni) va Rustam Jangaboyevlar o‘z kuchini sinab ko‘radi.