WhatsApp messenjeri kanal funksiyasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya o‘z blogida ma’lum qildi. Xuddi shunday funksiya Telegram`da ham mavjud.

“Biz 150 dan ortiq mamlakatlarda „Kanallar“ funksiyasini ishga tushirmoqdamiz, shunda foydalanuvchilarimiz o‘zlarini qiziqtirgan yangiliklarni shaxsiy ravishda olishlari mumkin”, — deya xabar qildi WhatsApp.

Xizmat kanallar mavjud bo‘lgan mamlakatlarning to‘liq ro‘yxatini taqdim etmadi, ammo “yaqin oylarda kanal yaratish imkoniyati hamma uchun ochiq bo‘lishini” ta’kidladi. Xabar yozilgan vaqtida funksiya O‘zbekistondagi foydalanuvchilar uchun mavjud emas edi. Messenjer WhatsApp kanallar funksiyasi ishga tushirilganidan xabardor bo‘lish uchun mobil telefonda kutuvchilar ro‘yxatiga yozilishni taklif qilmoqda.

Kanallar chatlardan “Joriy” yorlig‘i (sobiq “Holat” yorlig‘i) orqali ajratilgan. Kanalda matnli xabarlar, fotosuratlar yoki videolar va ulardagi ma’lumotlarga havolalarni nashr qilish mumkin. Foydalanuvchilar postlarga munosabat bildirishlari va ularning umumiy sonini ko‘rishlari, administratorlar esa 30 kun davomida postlarni tahrirlashlari mumkin.

Foydalanuvchilar, shuningdek, mamlakatga qarab avtomat filtrdan foydalanadigan takomillashtirilgan katalog funksiyasidan foydalanishlari mumkin. Filtr kanallarni yangilik, faollik va mashhurlik bo‘yicha tartiblaydi.

“Bu hali boshlanishi. Biz foydalanuvchilarning fikr-mulohazalari asosida yangi funksiyalarni qo‘shishda davom etamiz”, — deya ma’lum qildi WhatsApp.

Meta rahbari Mark Sukerberg, musiqachi Devid Getta, Netflix, Barcelona, Real Madrid futbol klublari va boshqalar allaqachon WhatsApp kanallarini ishga tushirgan.

Messenjerda kanallar paydo bo‘lishi iyun oyida ma’lum bo‘lgandi. Keyinroq kompaniya yaqinlashib kelayotgan yangilanishni “WhatsApp`dan chiqmasdan odamlar va tashkilotlarning muhim yangiliklaridan xabardor bo‘lishning oddiy, xavfsiz va shaxsiy usuli” deya ta’rifladi.