Mashhur tennischi Iroda To‘laganova Toshkentning Yashnobod tumanidagi Aviasozlar saroyi qarshisida joylashgan tennis kortlari buzilishiga qarshi chiqdi. Murojaat O‘zbekiston tennis federatsiyasining Facebook`dagi rasmiy sahifasida ham e’lon qilindi.

To‘laganova “respublikamizdagi tennis kortlarini buzish uchun qaror qabul qiluvchi va mas’ul mutasaddilarga” murojaat qildi.

“Mamlakatimizda sport millat salomatligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizning har bir viloyatida, shuningdek, Toshkent shahrida, har bir tumanda tennis stadionlari barpo etildi. Ammo, afsuski, ayni damda ko‘plab tennis kortlari buzib tashlanmoqda”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Jizzax shahrida ikkita, Termiz shahrida esa ilgari xalqaro turnirlar o‘tkazilgan xalqaro standartlarga javob beradigan bitta stadion buzib tashlangan. Toshkentda so‘nggi bir necha yil ichida 20 dan ortiq tennis korti buzib tashlangan.

“Ayni paytda „Aviasozlar“ tennis stadioni (sobiq Lisunova stadioni) taqdiri masalasi bor. Agar siz millat salomatligini mustahkamlashga befarq bo‘lmasangiz, nafaqat mavjud tennis kortlarini asrab-avaylashga, balki yangi sport majmualarini ham barpo etishga chaqiramiz, chunki statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda tennis har yili aholi o‘rtasida tobora ommalashib bormoqda”, — deydi sportchi.

tennis korti, отабек нuрмuhamедов, авиасозлар saroyi

Hududda yashovchi fuqarolardan birining aytishicha, uch yil oldin “tennis kortlarini yopib, buzib tashlamaslik uchun himoya qilishga muvaffaq bo‘lishgan”, ammo bugun bu hudud sotilayotgani ma’lum bo‘ldi.

“Bu tumanimizda bolalar tennis o‘ynashi mumkin bo‘lgan yagona kort. Aks holda ularni yo‘qotib qo‘yishimiz ehtimoli katta… Bugungi kunda barcha xodimlarga ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozish va 18-sanagacha hududni bo‘shatish kerakligi aytilgan. Go‘yoki bu yerda rekonstruksiya bo‘lar ekan, lekin aslini olganda bu yerda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Ehtimol, „Qozog‘iston“ kinoteatri bilan bo‘lgan holat takrorlanar, u ham dastlab rekonstruksiya qilinishi kerak edi, lekin aslida u yerda ko‘p qavatli uy qurishgan”, — dedi ayol.

Joriy yilning may oyida Aviasozlar saroyi qarshisidagi tennis kortlari bo‘lgan sport majmuasi Universal Tennis Plus boshqaruv kompaniyasi tomonidan kimoshdi savdosiga qo‘yilgan edi. Spot nashrining yozishicha, 16-may kuni bo‘lib o‘tgan auksion 4 soat 48 daqiqa davom etgan. G‘olib bo‘lgan talabnoma Otabek Nurmuhamedov tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, u obyekt uchun 30,99 mlrd so‘m — boshlang‘ich bahodan 5 foizga ko‘proq taklif qilgan.

Universal Tennis Plus MCHJdagi davlat ulushi ilk bor 2022-yilda sotuvga qo‘yilgan. Aktivning boshlang‘ich qiymati 29,52 mlrd so‘mga baholangan.

Ustav kapitali 5,4 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya bir nechta ochiq va yopiq tennis kortlariga ega “Aviasozlar” sport majmuasini boshqargan. obyekt 0,76 gektar maydonda joylashgan.

Otabek Boxodirovich Nurmuhamedov uzum yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi Mirazizhoji korxonasining 11 foizi (ustav kapitali — 957,3 mln so‘m), shuningdek, qurilish metall konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqaruvchi M-Trans Service`ning 50 foizi (6 mln so‘m) ulushiga ega.

O‘zbekistondagi tennisga oid yangiliklarni yoritib boruvchi Instagram`dagi Tennisfam.uz sahifasida hudud yaqingacha NRG Uzbekistan kompaniyasiga tegishli bo‘lgani xabar qilingan, biroq kompaniya “Gazeta.uz”ga mazkur inshootga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.