2050-yilga kelib, besh mlrd dan ortiq odam, ehtimol, dunyo aholisining yarmidan ko‘pi — kamida bir oy davomida xavfli jazirama ta’siridan aziyat chekadi. Washington Post va CarbonPlan nodavlat tashkilotining ob-havo ma’lumotlari tahlili buni tasdiqlamoqda.
Mutaxassislar harorat, namlik, quyosh nuri va shamolni birlashtirgan indikator — nam termometr yordamida haroratni hisoblashdi. Olimlar buni issiqlikning inson tanasiga qanchalik zarar yetkazishini baholash uchun “oltin standart” deb hisoblashadi.
Tahlil uchun 32 daraja Selsiy bo‘yicha nam termometrning chegara qiymati ishlatilgan (48 daraja Selsiy bo‘yicha oddiy termometrga teng). Bunday haroratda hatto 15 daqiqa tashqarida bo‘lish ham sog‘lom kattalar uchun issiqlik urishi uchun yetarli.
Washington Post va CarbonPlan, shuningdek, 2050-yilda dunyoning turli shaharlarida necha kun anomal issiqlik kuzatilishini hisoblab chiqdi. O‘zbekistonda eng ko‘p anomal issiq kunlar Termizda — 47 kun, eng kami esa Farg‘ona vodiysi shaharlarida (har biri 3 kundan) bo‘ladi.
O‘zbekiston shaharlarida o‘ta issiq kunlar soni:
- Termiz — 47 kun
- Qarshi — 46 kun
- Nukus — 40 kun
- Urganch — 40 kun
- Buxoro — 36 kun
- Jizzax — 33 kun
- Guliston — 27 kun
- Navoiy — 25 kun
- Samarqand — 10 kun
- Toshkent — 7 kun
- Namangan — 3 kun
- Farg‘ona — 3 kun
- Andijon — 3 kun
Markaziy Osiyo mamlakatlari poytaxtlarida, ekspertlarning fikricha, bu ko‘rsatkich: Ostonada — 0 kun, Bishkekda — 0 kun, Dushanbeda — 2 kun, Ashxobodda — 25 kun bo‘ladi.
Dunyoning istalgan shahridan eng ko‘p g‘ayritabiiy issiq kunlar Pekanbaruda (Indoneziya) kutilmoqda — 344 kun. Dubayda (BAA) 189, Kalkuttada (Hindiston) — 188 kun. Vashington (AQSh) va Madridda (Ispaniya) atigi 9 kun anomal issiqlik kutilmoqda.
Washington Post maqolasida ta’kidlanganidek, anomal yuqori haroratni boshdan kechiradigan aholining 80 foizi kam daromadli mamlakatlarda yashaydi. Ularning ko‘pchiligida konditsioner yo‘q. Masalan, 2030-yilga borib Hindistonda 270 mln kishi hatto uyda ham haddan tashqari issiqlikni boshdan kechiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Copernicus xizmati 2023-yil yozini sayyoradagi rekord darajadagi eng issiq deb atagan edi. Meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda dunyoda o‘rtacha havo harorati Selsiy bo‘yicha 16,77 darajani tashkil etgan, bu me’yordan 0,66 darajaga yuqoridir.