Hukumat qarori bilan O‘zbekistonga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)dan ozod etiladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxati kengaytirildi.
Qaror prezidentning “Sanoat ishlab chiqarishida xomashyo uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Ro‘yxatga quyidagi turdagi asbob-uskunalar kiritildi:
- nasoslar;
- hajmli qaytma-ilgarilanma kompressorlar;
- g‘ildirakli, harakatlanadigan ko‘tarma fermalar va potal yuk ortgichlar;
- minora kranlari;
- to‘qimachilik tolalarini transportirovka qilish uchun pnevmatik ko‘targichlar va konveyerlar;
- boshqa pnevmatik ko‘targichlar va konveyerlar;
- tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa kovshli elevator va konveyerlar;
- tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa tasmali elevator va konveyerlar;
- tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa rolikli konveyerlar;
- tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa elevatorlar va konveyerlar;
- pochta jo‘natmalarini saralash, taxlash yoki konvertlarga joylash yoki o‘rab bog‘lash uchun mashinalar, pochta jo‘natmalarini ochish, yopish yoki muhrlash uchun mashinalar hamda pochta markalarini yopishtirish yoki hisobdan chiqarish uchun mashinalar;
- tamaki tayoqchalari (stiklari)ni ishlab chiqarish uchun uskuna;
- o‘zgaruvchan tok generatorlari (nominal chiqish quvvati 375 vKa dan 750 kVA gacha);
- o‘zgaruvchan tok generatorlari (nominal ishlab chiqish quvvati 750 kVa dan yuqori);
- yuqori haroratli payvandlash uchun boshqa mashina va apparatlar;
- yo‘lsiz sharoitlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan, elektromexanik transmissiyaga ega (dizel va elektr dvigatellari o‘rnatilgan), yuk ko‘tarish quvvati 50 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk mashinasi (avtomobil samosval);
- issiqxona uchun uskuna va jihozlar.
Avvalroq prezident farmoni bilan O‘zbekistonga sement, fanera, qolip va boshqa qurilish materiallarini olib kirish 2025-yilgacha bojxona to‘lovlaridan ozod qilingandi.