22-sentabr kuni “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori [№492-son] qabul qilindi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.

Qaror bilan Inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlar va hujjatlarni hrm.argos.uz elektron platformasida shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-noyabrdan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari inson resurslarini boshqarishga oid hujjatlar elektron platformada (hrm.argos.uz) shakllantiriladi va yuritiladi.

Kadrlarga oid ma’lumot va hujjatlar quyidagi tizimlarga avtomatik yuboriladi:

  • davlat organi tuzilmasi, xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari, qo‘shimcha bitimlar, vakant ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar YAMMT (my.mehnat.uz)ga;
  • qabul qilingan ichki idoraviy hujjat (buyruq, qaror va farmoyish)larni ijroga qaratish uchun edo.ijro.uz axborot tizimiga;
  • xodimlarga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lash uchun zarur ma’lumotlar UzASBO dasturiy majmuasiga.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi va DXRA (ARGOS) tomonidan 2023-yil 1-noyabrga qadar Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq (vacancy.argos.uz) portalining yangi talqini ishlab chiqiladi.

Davlat organlari rahbarlari 2023-yil 1-oktabrga qadar davlat organlarining markaziy apparati, hududiy va tuman (shahar) bo‘linmalarini elektron platforma (hrm.argos.uz)ga ulash choralarini ko‘radi.