Akfa University (hozirgi Central Asian University) sobiq rektori Bexzod Jalilov ikki yillik tayyorlov kurslaridan so‘ng ikkinchi bosqichga o‘qishga qabul qilingan maktab bitiruvchilariga oliygohda o‘qishni davom ettira olmasliklari aytilgan vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi (“Gazeta.uz” avvalroq voqea haqida yozgan edi).

Bexzod Jalilov o‘z bayonotida o‘ziga qo‘yilgan qonun buzilishi borasidagi ayblovlarni asossiz deb atadi va “o‘zini kuzatuv kengashi raisi deb tanishtirayotgan” Abdujabbor Abduvohidov (2018-yil avgustidan 2022-yil avgustigacha prezident maslahatchisi, unga qadar prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, 2011−2012-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, 2002−2011-yillarda Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti rektori bo‘lgan) bilan kelishmovchilik tufayli universitetni tark etishga majbur bo‘lganini aytdi.

Bexzod Jalilov rektorlik faoliyati davomida o‘tkazilgan tekshiruvlarda qonunbuzarlik holatlari aniqlanmagani, Akfa universiteti va boshqa o‘quv markazlari o‘rtasida ham Study for Success (yangi rahbariyat Behzod Jalilovni bu kompaniya orqali pul o‘zlashtirishda ayblagan) kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga o‘xshash hujjatlar imzolanganini, biroq ularda shu kabi tayyorlov kurslarini tamomlagan talabalar universitetda o‘qishini davom ettirayotganini, yangi rektor Kamron G‘ulomov tayyorlov kursdagi talabalarni 2-bosqichga qabul qilish bo‘yicha buyruq imzolagani hamda uning talabalar tayyorlov kurslarida o‘qitilishidan xabardorligi haqida yozdi.

akfa universiteti, central asian university, бекзод жалилов

Abdujabbor Abduvohidov. Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”.

Shuningdek, u Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev rahbarlik qilayotgan Akfa kompaniyasi universitetni rivojlantirish uchun va’da qilingan mablag‘larni ajratmaganini ma’lum qildi. Bexzod Jalilovning ta’kidlashicha, Abdujabbor Abduvohidov (Jahongir Ortiqxo‘jayevning qudasi)ning maqsadi uning “obro‘siga dog‘ tushirish, faoliyatiga zarar yetkazishdir”. U Abdujabbor Abduvohidovdan o‘ziga qo‘yilgan “asossiz barcha ayblovlar va haqoratlar uchun” omma oldida kechirim so‘rashini talab qildi hamda prezident Shavkat Mirziyoyevdan mamlakatda o‘zi va oilasining xavfsizligini ta’minlashni so‘radi.

Bexzod Jalilov o‘z bayonotida ko‘plab hujjatlar va yozishmalarning skrinshotlarini havola qilgan. “Gazeta.uz” quyida bayonotni to‘liq keltirib o‘tadi.

Central Asian University rahbariyati tomonidan qo‘yilgan asossiz ayblovlar bo‘yicha rasmiy bayonot

Men, Jalilov Bexzod Sherzodovich, 2012-yildan buyon ta’lim sohasida faoliyat yuritib kelaman. Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib boshlaganman, shuningdek, 2016−2018-yillar davomida xalqaro Vestminster universitetining o‘quv bo‘limi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritganman. Keyinchalik Toshkent shahridagi Inha universitetida qabul bo‘limi mudiri lavozimida ishlaganman. 2018-yilda menga Akfa universitetini tashkil etish loyihasiga rahbarlik qilishni taklif qilishdi va 2019-yilda universitet ochilgandan so‘ng ushbu universitetga rektor etib tayinlandim.

2023-yil 22-sentabr, juma kuni Akfa universiteti (hozirgi nomi Central Asian University, bundan keyin universitet deb yuritiladi) rahbariyati tomonidan menga va boshqa bir qancha sobiq xodimlarga nisbatan asossiz, ya’ni universitet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish ayblovlari qo‘yilgani munosabati bilan ushbu murojaatni yozishga qaror qildim.

Universitetning hozirgi rahbariyati meni 2015-yilda o‘zim asos solgan Study for Success kompaniyasidan Akfa universiteti bilan o‘zaro manfaatli bitim tuzishda, universitet ta’sischilarining oldindan roziligini olmasdan foydalanganlikda ayblamoqda.

Study for Success MCHJ 2015-yildan beri ta’lim xizmatlarini (litsenziya asosida) ko‘rsatib kelmoqda va talabalarni Toshkent shahridagi yetakchi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

2021-yildan boshlab Study for Success MCHJ respublikaning boshqa ko‘plab ta’lim markazlari singari universitet bilan memorandum va hamkorlik shartnomasi asosida potensial talabalarni universitetga, jumladan, Part-time dasturi doirasida tayyorlagan hamda qabul imtihonlarini tashkil etgan.

Yuqorida qayd etilgan hujjatlarga ko‘ra, Akfa universiteti International Foundation Diploma for Higher Education Studies dasturini (biz uni Part-time deb ataganimizdek) muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarga birinchi bosqichni o‘qimasdan ikkinchi bosqichga qabul qilinishni kafolatlagan. Sababi mazkur tayyorgarlik kursi foundation year`ga tenglashtirilgan.

Akfa universiteti muassislari, jumladan Jahongir Abidovich Ortiqxo‘jayevning o‘zi ham, ta’lim muassasasining boshqa ta’lim muassalari bilan hamkorligi haqida xabardor edi. Bundan tashqari, Jahongir Obidovichning jiyani Ortiqxo‘jayeva K. ham ushbu dasturda o‘qigan va o‘qish pulini universitet hisobiga emas, balki Study for Success MCHJ hisobiga to‘lagan. Yuqoridagilarni inobatga olsak, “muassislar bundan bexabar edilar” deyish noto‘g‘ri.

Shuni ta’kidlashni istardimki, Akfa universiteti va boshqa o‘quv markazlari o‘rtasida ham Study for Success kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga o‘xshash hujjatlar imzolangan. Shartnomalarga ko‘ra, ushbu o‘quv muassalarining kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar Akfa universitetining 2-bosqichiga qabul qilingan. Biroq yangi rahbariyat tomonidan o‘rnatilgan 2-bosqichga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qishga qabul qilishni taqiqlash boshqa ta’lim muassasalardan Part-time dasturi bo‘yicha universitetga kirgan talabalarga hech qanday tarzda qo‘llanilmagan.

Eslatib o‘taman, garchi yuridik maqomga ega va huquqiy tomondan rasmiylashtirilmagan bo‘lmasa-da, o‘zini kuzatuv kengashi raisi deb tanishtirayotgan Abdujabbor Abduvohidov bilan universitet boshqaruvi siyosatida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar tufayli men Akfa universiteti rektori lavozimidan ketganman. Bundan tashqari, 2023-yil yanvar oyining birinchi yarmida ishdan ketganimdan boshlab joriy yilning 22 cyentyabriga qadar universitetning yangi rahbariyati Part-time dasturi bo‘yicha o‘quv markazlari bilan hamkorlik bo‘yicha hech qanday e’tiroz bildirmagan. Qolaversa, mazkur talabalar 2023-yilning bahorgi semestrida universitet hududida hech qanday to‘siqlarsiz tahsil olishgan va semestr yakunida, ya’ni 2023-yil iyun oyida universitetning amaldagi rektori Kamron G‘ulomovning buyrug‘i bilan keyingi bosqichga o‘tkazilgan yoki 2-bosqichga o‘qishga qabul qilingan. Mazkur buyruq asosida Study for Success talabalari universitetning 2-bosqichiga o‘qishga qabul qilinganliklari to‘g‘risida xabardor qilinganlar.

22-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan ota-onalar bilan uchrashuvda Kamron G‘ulomov bunday buyruq borligini avval rad etgan. Buyruq unga ko‘rsatilgach, u nimaga imzo qo‘yganidan xabari yo‘qligini aytgan. Keyinchalik esa u buyruqqa imzo aldov yo‘li bilan olinganligini aytgan. Vaholanki, Kamron G‘ulomovga hujjatlarni imzoga uning odami tegishli tekshiruvlardan keyin olib kirishini ta’kidlash lozim.

Aslini olganda, bu masalani yangi rahbariyat faqat mening obro‘imga, Study for Success MCHJ obro‘siga va hozirda men faol ish olib borayotgan yangi universitet tashkil qilish bo‘yicha yangi loyihaning obro‘siga putur yetkazish uchun ko‘targan. Agar ularning ayblovlari mantiqiy va qonuniy asosli bo‘lsa, unda mantiqiy savol tug‘iladi: nega universitetning yangi rahbariyati ishdan bo‘shatilganimdan boshlab 2023-yil 22-sentabrgacha Part-time dasturini yopish va ta’lim markazlari bilan hamkorlikni to‘xtatish masalasini ko‘tarmadi?

Bundan tashqari, 2022-yil noyabr oyidan boshlab, shuningdek, ishdan bo‘shatilganimdan so‘ng ta’sischi vakillari tomonidan tashqi ekspertlarni jalb qilgan holda universitet faoliyatida qayta-qayta audit, jumladan, moliyaviy audit o‘tkazilgan. Ushbu tekshiruvlar natijasida hech qanday qonunbuzarliklar aniqlanmagan.

2018-yildan 2023-yil yanvarigacha qiyinchiliklarga, muassislar tomonidan va’da qilingan mablag‘lar ajratilmaganiga qaramay, ushbu universitetni tashkil etish va rivojlantirish yo‘lida vijdonan va halol mehnat qildim. Dastlab, muassislar ushbu loyihani amalga oshirish uchun 100 million dollar ajratishlarini va’da qilishgan edi. Biroq oxir-oqibat, ushbu mablag‘ning hatto ⅓ qismi ham loyihaga kiritilmadi. Shu munosabat bilan loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish uchun universitet kredit olishga majbur bo‘ldi hamda kredit hamda foizlari o‘rnatilgan muddatlarda universitet tomonidan mustaqil ravishda to‘lab borildi.

Akfa kompaniyalar guruhi vakillari hech qanday moliyaviy yordam ko‘rsatmadilar. Vaziyat shunga yetib bordiki, men universitetga 100 ming dollar miqdoridagi o‘z mablag‘imni yo‘naltirishimga to‘g‘ri keldi. Bu mablag‘larga men 2021-yildan hozirgi kungacha universitet hududida faoliyat yuritayotgan talabalar turar joyi uchun mebel va jihozlar sotib oldim.

Men rektorlik lavozimidan ozod etilganim va Abdujabbor Abduvohidov (Jahongir Obidovichning qudasi) universitet hayotiga faol aralashuvi boshlangach, universitetni moliyalashtirishga yondashuvda o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayevning korxonalari universitetdagi o‘quv jarayoni uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, kitoblar va o‘quv materiallarini xarid qilish uchun faol mablag‘ ajratishni boshladi.

Yana bir tendensiya kuzatildi, Abdujabbor Abduvohidov kelishi bilan universitet xodimlaridan sifat uchun emas, balki miqdor uchun ishlashni talab qila boshladi va men iqtibos keltiraman: “Shu yerda pul qilsak bo‘ladi-yu”. Uning iltimosiga ko‘ra, bir qancha fakultetlar, jumladan, o‘sha paytda litsenziya asosida faoliyat yuritgan Ingliz tili filologiyasi fakulteti, unda anchagina talabalar tahsil olayotganiga qaramay, yopildi. Professorlar, talabalar va ularning ota-onalari bu haqiqatni tasdiqlashlari mumkin. Talabalarning ota-onalari darslar o‘tkazilmayotgani va malakali o‘qituvchilarning yo‘qligi, mavjud ta’lim dasturlari tushuntirishsiz yopilgani va boshqa masalalarga e’tiroz bildirib Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ariza yozishganlar.

Shu o‘rinda ta’kidlashim kerakki, universitetdagi rektor lavozimidagi faoliyatim davomida ta’sischi menga ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha qat’iy talablar qo‘ygan edi. Bu talablardan biri universitetni xalqaro darajaga ko‘tarish va 5 yil ichida universitetni Times Higher Education mezonlari bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 1000 ta universitetlari reytingiga kiritish kerakligi choralarni ko‘rish edi. Shu munosabat bilan Abdujabbor Abduvaxitov bilan o‘rtamizda tez-tez nizolar yuzaga kela boshladi.

Ana shunday mojarolardan birida Abdujabbor Abduvohidov mendan aynan xalqaro standartlarga mos ravishda (musulmonlar, nasroniylar va buddistlar uchun) qurilgan ibodatxonalarni yopishimni talab qildi. Biroq talabalar xavfsizligi uchun men universitet rektori sifatida bu xonalarni yopishni noo‘rin deb hisobladim, chunki bu holda talabalar dars vaqtida namoz o‘qish uchun universitet hududidan chiqib ketishadi. Ushbu mojaroda Abdujabbor Abduvohidov menga nisbatan behayo so‘zlarni ishlatib, hamkasblarim oldida sha’nim va qadr-qimmatimni kamsitdi, hatto jismoniy zo‘ravonlik bilan tahdid qildi. Bu voqeadan keyin men Akfa universitetida ishlashni to‘xtatishga qaror qildim.

Videosi internetda keng tarqalgan Central Asian University`da 21-sentabr kuni tashkil etilgan ota-onalar majlisida Abdujabbor Abduvohidov ota-onalarni menga qarshi prokuraturaga ariza yozishga chaqirgan va xattotki ota-onalarni prokuraturaga olib borish uchun avtobus xizmatini tashkil qilgan. U, shuningdek, mening tanishlarimga, universitet xodimlariga va Akfa bosh ofisi xodimlariga meni jinoiy muassasaga (qamoqqa) joylashtirmaguncha tinchlanmasligini aytgan.

Abdujabbor Abduvohidov o‘z aloqalaridan foydalanib, prokurorlarni menga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishga tom ma’noda majburlagan. May oyida meni prokuratura soxta ayblov, ya’ni universitet mablag‘larini o‘g‘irlash bo‘yicha bir necha bor so‘roq qilishdi. Bu ayblovlar isbotini topmadi. Iyun oyida huquq-tartibot idoralari xodimlari mening diniy va siyosiy ekstremistik islomiy harakatlarga aloqadorligim yuzasidan tekshiruv o‘tkazdilar. Biroq bu ayblov ham tasdiqlanmadi. Qolaversa, A. Abduvohidov universitetning hozirda sobiq xodimlarini mening ustimdan ariza yozishni talab qilgan. Talabni bajarmagan xodimlarni ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitgan. Sobiq xodimlarning yangi rahbariyat bilan yuzaga kelgan ziddiyatlari haqida videolarga havolalar (1 va 2).

Mazkur universitet xodimlari tomonidan A. Abduvohidovning ishdan bo‘shatish bilan bog‘liq tahdidlari yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaatlari mavjud. Ajablanarlisi shundaki, bu arizalar qandaydir tarzda Mirzo Ulug‘bek prokuratura devorlari ichida yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi. Biroq dalil sifatida menda ushbu prokuratura devonxonasi tomonidan qabul qilingan (muhrlangan) arizalarning nusxalari bor.

Shu bilan birga, Abduvohidov meni noqonuniy mitinglar uyushtirganlikda ayblamoqchi bo‘ldi. U universitet talabalarini menga qarshi qayrash maqsadida majlis o‘tkazgan. Talabalarni menga qarshi qila olmaganidan so‘ng meni odamlarni mitingga to‘plaganlikda ayblab, huquqni muhofaza qilish organlaridan meni hibsga olishni talab qiladi.

Men huquq-tartibot idoralariga borib, Abduvohidov odamlarni yig‘ib, menga qarshi ishlatayotganini tushuntirishga to‘g‘ri keldi.

Abdujabbor Abduvohidovning yagona maqsadi mening obro‘imga dog‘ tushirish, faoliyatimga zarar yetkazishdir. O‘z maqsadiga erishish uchun bu odam har qanday kuchlardan va harakatlardan foydalanadi hamda hech narsada to‘xtamaydi. Meni boshqalar ishga qabul qilmasliklari uchun Abduvoxitov men haqimda yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan.

Abdujabbor Abduvohidovdan universitet rivojiga e’tibor qaratishni, universitet nomi o‘zgargani sababli bekor qilingan litsenziyani qaytadan olishga, universitet sobiq xodimlarining loyihalarini rivojlantirishga qarshi chiqib, zararkundalik bilan shug‘ullanmaslikni so‘rayman. Yodingizda bo‘lsin, xalqda juda dono naql bor: “Kim birovga choh qazisa, o‘zi tushadi”.

Men A. Abduvohidov menga qo‘yilgan asossiz barcha ayblovlar va haqoratlar uchun omma oldida kechirim so‘rashini talab qilaman.

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovichdan mening va oilamning O‘zbekiston hududida xavfsizligini ta’minlashni so‘rayman. Sizni ishontirib aytamanki, mening yagona maqsadim xalqimiz va butun davlatimiz uchun ta’lim sohasida foyda keltirish.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqidan, birinchi navbatda, mavjud vaziyatdan jabrlangan talabalarning ota-onalarini ommaviy axborot vositalaridagi mish-mishlar va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘rayman.

Ommaviy axborot vositalaridan birovni obro‘ va sha’niga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni chop etishdan avval vaziyatni o‘rganishni va ikkinchi tomonning ham fikrini/pozitsiyasini o‘rganishni so‘rab qolaman.