22-sentabr kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi olti oy muddatga bug‘doy va bug‘doy unini eksport qilishni taqiqladi. Tegishli farmon mamlakat hukumati saytida e’lon qilindi.
Mazkur qaror “mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va oziq-ovqat mahsulotlarining bozor narxlarini barqarorlashtirish maqsadida” qabul qilindi, deyiladi hujjatda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qirg‘izistondan un va g‘alla eksportini vaqtincha taqiqlash taklifi bilan chiqdi. Vazirlik ushbu chorani mamlakatda un narxining sezilarli darajada oshishi bilan izohladi va uning tanqisligi “oziq-ovqat inqiroziga olib kelishi mumkinligini” ta’kidladi.
Qirg‘iziston hukumati avvalroq mamlakatda bug‘doy taqchilligi yo‘qligini, narxlarning oshishi esa faqat Qozog‘istondan yetkazib beriladigan unga aloqador ekanini bildirgan edi. Vazirlar Mahkamasi bunga Qozog‘istondan don olib kelinadigan temir yo‘llarning mavsumiy tirbandligi sabab bo‘lgan deb hisoblamoqda.
Un tegirmonlari uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston uni Qirg‘iziston ichki bozorining 50 foizini egallaydi, deya aniqlik kiritmoqda Tazabek. “Ozodlik” radiosi ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy bozorlarda Qozog‘istondan kelgan bir qop un 1000 somga (taxminan 11 dollar) qimmatlashgan. Shundan so‘ng, do‘konlarda mahalliy unning narxi ham bir oz oshgan.
Qirg‘iziston hukumati, shuningdek, Davlat moddiy zaxiralar jamg‘armasi un tegirmonlari uchun bug‘doy zaxirasini real tanqislik yuzaga kelgan taqdirda bo‘shatishga tayyorligini ham qayd etdi. Arzon don va un eksportiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi taqiq joriy etishni taklif qildi, deb yozadi 24.kg. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, jamg‘arma 40 ming dona oziq-ovqat bug‘doyini iste’molga chiqargan.
Jogorku Kenesh deputati Jusupbek Korgonbay uulu un narxining oshishini uning O‘zbekistonga eksport qilinishi bilan bog‘ladi, bu esa, uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda omborlar bo‘shab qolishiga olib kelgan. Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasining Kursiv.uz keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki yetti oyida mamlakat 15 ming tonna bug‘doy unini eksport qilgan — butun hajm O‘zbekistonga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq “Gazeta.uz” Qozog‘istondan eksport qilinadigan don narxi oshishi fonida O‘zbekiston hududlarida ham un va non narxi keskin oshgani haqida yozgan edi.