3-oktabr kuni fizikaviy elektronika sohasidagi yirik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Fanlar akademiyasi akademigi Nazar Yuldashevich To‘rayev 85 yoshida vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va boshqa rasmiy shaxslar uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

U 1938-yil 19-mayda Surxondaryo viloyatining Denov shahrida tug‘ilgan. 1961-yili Samarqand davlat universitetini tamomlab, mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim lavozimida boshlagan.

60 yillik mehnat faoliyati davomida Yadro fizikasi instituti aspiranti, Elektronika instituti ilmiy kotibi, Toshkent politexnika instituti kafedra mudiri, Termiz davlat universiteti rektori, Fanlar akademiyasining “FANUM” ilmiy-o‘quv markazi direktori kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

1968-yilda nomzodlik, 1981-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2000-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.

Qayd etilishicha, Nazar To‘rayev jamoat ishlarida ham faol ishtirok etgan. 1990−1995-yillarda mamlakat parlamenti deputati bo‘lgan.

U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.