Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi o‘tgan hafta Senatda ayrim kassalarda chipta sotib olishda fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinishi bilan bog‘liq qilingan tanqidlarga munosabat bildirdi.

Kompaniya amaldagi normativ hujjatlarda aviakassirlardan yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasi asosida aviachiptalarni rasmiylashtirishni talab qiluvchi bandlar mavjud emasligini ta’kidladi.

Uzbekistan Airways Sales filialida yoki aviakompaniya agentlarida aviachipta sotuvi yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalarning asl nusxalari asosida ham, ularning fotonusxalari asosida ham amalga oshiriladi. Bundan tashqari, internet-sayt va mobil ilovasi orqali ham chiptalar sotiladi, bunda yo‘lovchilarning ma’lumotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri chipta rasmiylashtirayotgan shaxs tomonidan tizimga kiritiladi. Kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun “tashuvga to‘lovni amalga oshirayotgan shaxs” javobgar bo‘ladi, deya qayd etdi kompaniya.

Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rejimi joriy etilgan uzoq xorij mamlakatlariga aviachiptalarni sotishda yo‘lovchiga hamda aviakompaniyaga jarima sanksiyalari qo‘llanmasligi uchun Uzbekistan Airways Sales filiali aviakassalarida va aviakompaniya agentlaridan belgilangan mamlakatning amaldagi vizasi bilan pasport talab qilinadi.

“Chipta va pasport ma’lumotlaridagi har qanday noaniqliklar va nomuvofiqliklar jarimalarga yoki kirish uchun asos yo‘qligi sababli yo‘lovchini jo‘nash mamlakatiga qaytarib yuborishga olib kelishi mumkin. Shu sababli, aviachiptalarni kassir tomonidan rasmiylashtirishda yoki onlayn rasmiylashtirishda mijoz tomonidan yo‘lovchining belgilangan ma’lumotlari va borish mamlakatining amaldagi vizalari to‘g‘ri kiritilishi juda muhimdir”, — deyiladi xabarda.

Kompaniya barcha agentlarga aviachiptalarni sotib olishda yo‘lovchilar yoki ularning yaqinlari tomonidan yo‘lovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qligi to‘g‘risida eslatib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, senator Qutbiddin Burxonov Qo‘mitaga kelib tushgan murojaat asosida Uzbekistan Airways AJga qarashli aviakassalar faoliyati bilan bog‘liq ayrim muammolar haqida so‘zlagandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyatiga yuqorida qayd etilgan muammoni hal etish uchun Yo‘riqnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan murojaat qilingan. 2023-yilning 23-iyun kuni kompaniya boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari imzosi bilan Senatga yo‘llagan javobida hech bir asossiz bu muammoni hal qilish imkonsiz ekani ma’lum qilingan.